O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand va Jizzax viloyatlarida gilos plantatsiyalarini kim barpo etadi?
2019-03-12 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizda“O‘zbekiston – Niderlandiya” agro-biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashkil etgan tadbirda Niderlandiya Qirolligining (Moskva rezidensiyasi) elchisi Rene Djons-Bos boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Ayni vaqtda yurtimizda Niderlandiya bilan hamkorlikda 47 korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan o‘ttiztasi qo‘shma korxona bo‘lib, ular yuz foizNiderlandiya kapitali asosida faoliyat yuritmoqda. Oziq-ovqat va yengil sanoat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan o‘nga yaqin Niderlandiya kompaniyasi o‘z vakolatxonasini O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazgan.
Ta’kidlash joizki, ikki davlat o‘rtasida 2018 yilgi o‘zaro tovar aylanmasining hajmi 147,26 million dollarga yetdi. Ulardan 11,58 million dollari eksport, 135,68million dollari esa importga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston hozirda Niderlandiyaga metallar, meva-sabzavot mahsulotlari, noorganik kimyoviy moddalar, to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassadan tayyorlangan buyumlar kabilarni eksport qilmoqda. Niderlandiya Qirolligidan esa kimyoviy mahsulotlar, mashina va uskunalar, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari, uy hayvonlari, optik asboblar va boshqalar xarid qilinmoqda.
Shu bois ham forumda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash, innovatsion sug‘orish tizimlari, mevali daraxtlar, o‘simliklar yetishtirish, issiqxonalar qurish, sovutish uskunalari, chorvachilik va parrandachilik, zamonaviy issiqxonalar uchun quyoshdan himoyalovchi vositalar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi qirqdan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
– O‘zbek giloslari o‘ziga xos ta’mi bilan dunyoda mashhur, –deydi “Holland Rosetta” kompaniyasining savdo menejeri Huzayfa Ibrahim.–Biz ham bu borada hamkorlik qilish niyatida kelganmiz. Samarqand va Jizzax viloyatlarida gilos plantatsiyalari barpo etish loyihasini ishlab chiqdik.Serquyosh iqlim va unumdor tuproqdan unumli foydalanib ulkan yutuqlarga erishamiz degan fikrdamiz. Bir hafta oralig‘ida ko‘chatlarni ekishni boshlaymiz. Biz hamkorlarimizga sog‘lom ko‘chatlar sotish bilan bir vaqtda zamonaviy texnika va texnologiyalarni ham taklif qilamiz.
Uchrashuv davomida Niderlandiya Qirolligining delegatsiya vakillari O‘zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
– O‘zbekistonga kelishdan asosiy maqsad yurtimiz tadbirkorlarining faoliyati va innovatsion ishlanmalarini taqdimotini o‘tkazish orqali aloqalarni mustahkamlash, – deydi Niderlandiya Qirolligining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Meuves Brauver. – Shu bois nafaqat Toshkentda balki boshqa viloyatlarda ham bo‘lib, mulkdorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmoqchimiz.O‘ylaymanki, bu hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda qo‘l keladi.
Forum doirasida ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari bilan “V2V” formatida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
–Niderlandiya kichkina mamlakat bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportida AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirini birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshaev.–Chorvachilik mahsulotlarini juda yuqori sifat va hajmda ishlab chiqarishi, ular tayyorlagan pishloq butun dunyoda sevib iste’mol qilinishi hammaga ayon. Shuni e’tiborga olib, o‘simlikshunoslik, meva-sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishlarida hamkorlik qilmoqchimiz. Xususan,chorvachilik yo‘nalishida 10 million yevrolik loyihani amalga oshirmoqchimiz. Bunda ularning texnologiyasi asosida ferma qurilib, chorva mollari yetishtirish va olingan mahsulotni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Yurtimizda bir necha kun bo‘lishi kutilayotgan delegatsiya vakillari Namangan viloyatida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, ularertaga Toshkentda boshlanadigan “AgroWorld-2019” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Sayyora Shoeva, O‘zA