O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Belorus hamkorlikda sport mutaxassislarini tayyorlaydi
2019-03-12 | Sport
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti xalqaro standartlar hamda kadrlar tayyorlashning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor bermoqda.
Shu bilan birga universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini ko‘tarish, tizimli asosda pedagogik va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish hamda stajirovkadan o‘tkazish, sport muammolarini qamrab olgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, shuningdek, tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Belorus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan memorandum imzoladi. Ushbu kelishuvga asosan 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qo‘shma fakultet faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Bugun Belorus davlat jismoniy tarbiya universiteti rektori, professor Sergey Repkin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga kelib, mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida ikkala universitet rektorlari tomonidan jismoniy tarbiya, sport va turizm sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, xalqaro ta’lim aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Hamkorlik doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi:
- Jismoniy tarbiya, sport va turizmning keng miqyosdagi muammolari bo‘yicha hamkorlikda xalqaro tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
- Hamkorlikda xalqaro seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
- O‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlarni o‘zaro almashish;
- Tomonlarning manfaatlari doirasida mahorat darslarini o‘tkazish, ma’ruzalar olib borish, professor-o‘qituvchilar tarkibi malakasini oshirish maqsadida o‘zaro stajirovkalar hamda talabalar almashinuvini tashkil etish.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 1955 yilda tashkil etilgan bo‘lib, davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, ushbu ta’lim muassasasiga “universitet” maqomi berildi.
Bugungi kunda bu ta’lim dargohida to‘rtta fakultet mavjud bo‘lib, bakalavr bosqichida 4 954 nafar, magistratura bosqichida esa 70 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta’lim-tarbiya va o‘quv jarayoni 293 nafar yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, 21 nafar fan doktori, professor, 56 nafar fan nomzodi, dotsent tomonidan olib borilayapti.
Belorus davlat jismoniy tarbiya universiteti jismoniy tarbiya, sport va turizm bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bu yerda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ulkan sport yutuqlari, ommaviy sport, sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va turizm muammolarini ilmiy tadqiq etishga keng o‘rin beriladi.
Otabek Eshmamatov, Yoqub Meliboev (surat), O‘zA