O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikamiz hududlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini ishlatish va undan foydalanish boʻyicha oʻquv-seminarlar oʻtkazilmoqda
2019-03-11 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Suv xoʻjaligi, Qishloq xoʻjaligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan “Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qiluvchi paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar uchun joylarda qisqa muddatli kurslarni tashkil etish boʻyicha oʻquv dasturi”ning reja-grafigiga asosan shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari, klaster tashkilotlarining rahbarlari, soha olim va mutaxassislari, tomchilatib sugʻorish tizimlarini ishlab chiqaruvchi, loyihalovchi, quruvchi korxonalar vakillari ishtirokida oʻquv-seminarlar oʻtkazilmoqda.
Oʻquv-seminarlar davomida Toshkent davlat agrar universiteti hamda uning Nukus, Andijon va Termiz filiallari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda uning Buxoro filiali professor-oʻqituvchilari, ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishtirokchilarga qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishning zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalarini, jumladan, tomchilatib sugʻorishni joriy qilishning afzalliklari, tomchilatib sugʻorish tizimini qurish, undan foydalanish tartiblari, ushbu texnologiya asosida gʻoʻza parvarishlashning muhim jihatlari batafsil tushuntirib berilmoqda.
Shuningdek, oʻquv-seminarlar davomida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha quruvchi tashkilotlar bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida shartnomalar ham imzolanmoqda.
Joylarda oʻtkazilayotgan oʻquv-seminarlar joriy yil 13-martga qadar davom etadi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berilishi koʻzda tutilgan. Jumladan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 8 million soʻm subsidiya taqdim etiladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million soʻmdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplab berilmoqda.
Qurilish ishlari amalga oshirilayotgan hudularda xorijdan olib kirilayotgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xom ashyolar bojxona bojini toʻlashdan ozod etilmoqda.
Bundan tashqari, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan maydon 5 yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi.
Hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlaridagi bir qator tumanlarda paxta yetishtirishda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilish loyihasi boʻyicha quruvchi korxonalar tomonidan ishlar boshlab yuborilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida tomchilatib sugʻorish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha Maslahat markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Tomchilatib sugʻorish texnologiyasining asosiy butlovchi qismlari respublikamizdagi mahalliy korxonalar – “Eco Drip lux”, “Agro Drip”, “Debyt”, “Pipe technologies” va “Shoʻrtangaz kimyo majmuasi” MCHJlarda ishlab chiqarilmoqda.