O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqi
2019-03-08 | Siyosat
Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!
Hurmatli doʻstlar!
Bugun mana shunday dilbar, qutlugʻ bahor ayyomida siz, munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimiz, suluv qizlarimizni oʻzlaringiz kabi goʻzal bayramingiz – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Sizlarning timsolingizda butun Oʻzbekiston xotin-qizlarini tabriklab, barchangizga chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Qadrli yurtdoshlar!
Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Mehr – hayotning ustuni”, degan soʻzlarda chuqur maʼno va mazmun mujassam.
Bu haqda gapirganda, muqaddas ona, ayol zoti – chinakam mehr bulogʻi, mehr quyoshi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi. Shu quyosh bor ekan, mehr-oqibat, ezgulik va adolat, vafo va sadoqat kabi buyuk qadriyatlar necha asrlardan buyon bezavol yashab kelmoqda.
Shu bois bugungi quvonchli ayyomda avvalo dunyoda “fidoyi” degan soʻzga eng munosib boʻlgan Ona siymosi oldida taʼzim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz koʻrki boʻlmish aziz ayollarimiz shaʼniga eng goʻzal tilaklarimizni izhor etamiz.
Yer yuzida soʻz va soz sanʼati, shoiru hofiz, rassom va haykaltarosh paydo boʻlibdiki, ona va ayol zoti yuksak pardalarda tarannum etib kelinadi. Ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidov aytganlaridek, “Olamda ayol madhiga doston tugamaydi”. Chunki, ayol siymosi Yaratganning tengsiz moʻjizasi boʻlib kelgan va hamisha shunday boʻlib qoladi.
Bizga mana shu yorugʻ, goʻzal olamni yanada goʻzal va yorugʻ qilib turganlaringiz uchun katta rahmat sizlarga!
Biz – Oʻzbekistonning mard oʻgʻlonlari, er yigitlari siz, azizlarga boʻlgan hurmatimiz, mehr va muhabbatimizni oilalarimiz, el-yurtimiz hayotini yanada obod va farovon qilishga qaratilgan amaliy ishlarimiz bilan izhor etishga intilmoqdamiz.
Biz xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sogʻ-salomat boʻlib, baxtli boʻlib yashashinǵizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz. Bu yoʻlda erishgan natijalarimiz faqatgina birinchi qadamlar boʻlib, sizlarning qoʻllab-quvvatlashingiz, duolaringiz, hech shubhasiz, bizga cheksiz kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.
Qadrli opa-singillar!
Maʼlumki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Lekin sizlarning barcha sohalardagi samarali mehnatingiz, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlaringizni hisobga olib aytadigan boʻlsak, jamiyatdagi oʻrningiz, Oʻzbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissangizni hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi.
Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarning ulushi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohalarida 72 foizni, qishloq xoʻjaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda. Va sizlarning sidqidildan qilayotgan mehnatlaringiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda.
Mustaqillik yillarida 2 ming 180 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgani ham shundan dalolat beradi. Ularning orasida oʻnlab Oʻzbekiston Qahramonlari, Fan arboblari, Xalq oʻqituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini alohida taʼkidlab aytmoqchiman. Bugungi davramizda turli jabhalarda astoydil mehnat qilayotgan ana shunday jonkuyar, oqila, mehr-oqibatli ayollarimizni, ularning davomchilari boʻlgan isteʼdodli qizlarimizni koʻrib turganimdan xursandman. Ularning barchasi Oʻzbekiston insoniy salohiyatining oltin fondini tashkil etadi, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarish yoʻlidagi samarali mehnatingiz, ezgu fazilatlaringiz bilan hammaga oʻrnak boʻlib kelayotganingiz uchun sizlarga oʻz nomimdan, koʻpmillatli butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Barchangizga maʼlumki, biz “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmonini qabul qildik. Oʻtgan qisqa davrda ushbu farmon doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 2 ta qarori, hukumatimizning 6 ta qarori va 4 ta farmoyishi qabul qilindi.
Ana shu hujjatlar asosida ilgari imkoniyatlari cheklanib, faoliyati susayib qolgan Xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlimlari butunlay yangi asosda tashkil etildi.
Ularga qoʻshimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hozirgi kunda ushbu tizimda katta bilim va hayotiy tajribaga ega boʻlgan 10 mingdan ortiq opa-singillarimiz xizmat qilmoqda.
Xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlimlari qoshida “Huquqshunos ayollar”, “Ilm-fan va ayol”, “Ijodkor ayollar”, “Tashabbuskor ayollar”, “Ayol va salomatlik”, “Faxriy ayollar” jamoatchilik uyushmalari tashkil etildi. “Yil ayoli”, “Ibratli oila” tanlovlari oʻtkazilmoqda. Eng asosiysi, amalga oshirilgan ana shunday muhim chora-tadbirlar bugun oʻz samarasini bermoqda.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va yurtimizdagi siyosiy partiyalar oʻrtasidagi hamkorlik kuchaytirilib, 3 mingga yaqin yetakchi xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani eʼtiborga loyiqdir. Ayni vaqtda ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni oʻqitish, malakasini oshirish tizimi yaratilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlar harakati katta salohiyat va istiqbolga ega ekanini koʻrsatadi.
Xabaringiz bor, bu yil yurtimizda milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi. Ana shu saylovlarga ayollarimiz ham katta tayyorgarlik koʻrmoqda.
Shu maqsadda joylarda “Deputatlikka start” aksiyalari tashkil etilayotganini biz albatta qoʻllab-quvvatlaymiz.
Sizlarga maʼlumki, hozirgi paytda mamlakatimiz deputatlar korpusining 30 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Oʻtgan ikki yillik tajribamizni, ayollarning siyosiy ongi va saviyasi oshib borayotganini inobatga olib, bu raqamni ancha koʻpaytirsak, oʻylaymanki, adolatdan boʻladi.
Xotin-qizlar qoʻmitasining xalqaro faoliyati ham kuchayib bormoqda. Masalan, yangi tuzilgan Oʻzbekiston ixtirochi ayollari markazi tashabbusi bilan yurtimiz olimalari oʻtgan yili Koreya Respublikasida tashkil etilgan xalqaro forumda munosib ishtirok etdilar.
Muhtaram doʻstlar!
Bugungi davramizda Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor, Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatimizdagi turli vakolatxonalarining rahbarlari boʻlgan Ashita Mittal, Miyeko Yabuta, Lian Kuppens, Mariya del Pilar Alvarez-Laso xonimlarni koʻrib turganimizdan gʻoyat mamnunmiz.
Mamlakatimiz bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan ana shu hurmatli mehmonlarimizni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutlab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ijozat bergaysiz.
Aziz opa-singillar!
Barchangizga maʼlumki, biz uchun mehr-muhabbat qoʻrgʻoni boʻlgan oila institutini mustahkamlash keyingi paytda yurtimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ana shu siyosatni belgilaydigan muhim hujjat – Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi. Mazkur konsepsiyani hayotga tatbiq etish maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qayta tashkil etildi.
Oila masalasini kompleks oʻrganib, mavjud holatni tahlil etish, monitoring qilish va baho berishga, ilmiy tadqiqotlar orqali oila farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yangi tizim yaratildi.
Ilgari Adliya vazirligi tasarrufida boʻlgan fuqarolik holatiga oid hujjatlarni qayd etish idoralari tuman va shahar hokimi oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga boʻysundirildi. Hozirgi vaqtda ular tomonidan oila institutini mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.
Albatta, bu borada belgilangan chora-tadbirlarning mazmuni, sifati va samarasini oshirish uchun hali koʻp ish qilishimiz kerak. Bugungi kunda izchil amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor” kabi dasturlar ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladim.
Bu qarorda ayollarning mehnat va pensiya sohasidagi huquqlari, gender tengligini taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi kafolatlar belgilab berilmoqda. Ayollarga oʻz biznesini tashkil etish, biznes gʻoyalarini tayyorlashda yordam berish, uzoq vaqt davomida bola tarbiyasi bilan band boʻlgan, ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan ayollarni talab katta boʻlgan kasbga tayyorlash va ishga joylashish uchun ularga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilmoqda. Ayollarga tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari uchun 100 milliard soʻm ajratiladi. Bu mablagʻ ularga imtiyozli kredit sifatida beriladi. Mazkur mablagʻlarning kamida 50 foizi qishloq joylarda yashayotgan xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Biz opa-singillarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida bu boradagi ezgu ishlarni bundan buyon ham davom ettiramiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Xalqimizda “El sogʻligʻi – yurt boyligi” degan maqol bor. Haqiqatan ham, tinchlik bilan sogʻliqni asrasak, qolgan hamma narsaga erishamiz.
Bu masalada hurmatli ayollarimizning salomatligini mustahkamlash biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Hozirgi paytda barcha hududlarimizda perinatal, skrining, reproduktiv salomatlik va diagnostika markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Tugʻruq boʻlimlari, koʻp tarmoqli poliklinikalar va qishloq oilaviy poliklinikalari soni ortib bormoqda. Ushbu tibbiyot maskanlarida ayollar va qizbolalar yil davomida chuqurlashtirilgan koʻrikdan oʻtkazilib, ularga doimiy patronaj xizmati koʻrsatilmoqda. Bu esa onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun zamin yaratishi shubhasiz.
Xotin-qizlarda uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash ishlari samarali tashkil etilayotgani tufayli ayollar oʻrtasida kasalliklar qariyb 2 barobar, onalar oʻlimi 3 marta, goʻdaklar oʻlimi esa salkam 4 marta kamaydi. Oʻtkazilgan skrining tekshiruvlari natijasida 2018 yilda 5 ming nafar chaqaloqda ogʻir nuqsonlar bilan tugʻilish xavfi bartaraf etildi.
Oʻtgan yildan boshlab biz bu borada yana bir katta ishni boshladik. Yaʼni, barcha shahar va tumanlar, ayniqsa, uzoq va borish qiyin boʻlgan hududlardagi markaziy poliklinikalar va qishloq oilaviy poliklinikalari qoshida ayollar uchun maslahatxonalar va bolalar salomatlik markazlari tashkil qilinmoqda.
Yaxshi bilasizlar, men “Bogʻchaga borgan bola bilan bogʻchaga bormagan bolaning oʻrtasida katta farq bor”, degan fikrni, hayotiy haqiqatni takror-takror aytishdan, uni hamma joyda daʼvat qilishdan charchamayman. Oʻtgan davrdagi ikki yillik tajribamiz va joylarda aholi bilan olib borayotgan muloqotlarimizdan kelib chiqib, ana shu fikrga qoʻshimcha qilib aytmoqchiman: “Bogʻchaga borgan bolaning onasi bilan bogʻchaga bormagan bolaning onasi oʻrtasida ham katta farq bor”. Chunki har kuni tarbiyachilar, pedagog mutaxassislar, psixologlar, tibbiyot xodimlari bilan muloqotda boʻlib, bolasidagi ijobiy oʻzgarishlarni koʻrib, onalarning ham bilimi, hayotiy tajribasi, madaniy saviyasi oshadi. Bolalari bilan birga ular ham ijtimoiy-maʼnaviy tarbiya muhitiga, jamiyatga yaqinlashadi, faollashadi. Shularning barchasini hisobga olib, biz maktabgacha taʼlim sohasiga ulkan eʼtibor bermoqdamiz.
Oʻylaymanki, mehribon onalar, buvijonlar sifatida buning ahamiyatini sizlar hammadan koʻra koʻproq tushunasizlar.
Bugungi kunda mamlakatimizda 7 ming 104 ta maktabgacha taʼlim maskani faoliyat koʻrsatmoqda. Keyingi 2 yil davomida 2 ming 211 ta yangi bogʻchalar tashkil etilib, ularga qoʻshimcha 243 ming bola qabul qilindi. Boshqacha aytganda, yurtimizda bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olish darajasi soʻnggi bir yarim yilda 12 foizga oshib, 38 foizni tashkil etmoqda.
Biz yaqin 4-5 yilda yurtimizdagi bogʻcha yoshidagi barcha bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga toʻliq qamrab olish vazifasini oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Bu – bizning ayollarimiz, bolalarimiz oldidagi qarzimiz, kerak boʻlsa, kelajak oldidagi muqaddas vazifamiz va biz uni albatta ado etamiz.
Oliy taʼlim sohasida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Hindiston, Italiya, Singapur, Latviya kabi davlatlarning 14 ta universitet va institutlarining filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, viloyatlarda tashkil etilgan respublika oliy oʻquv yurtlarining 23 ta boʻlimi ham ish olib bormoqda.
Bugungi kunda yurtimizdagi oliy taʼlim maskanlarida 373 ming 500 ga yaqin yoshlarimiz taʼlim olmoqda. Ulardan 168 ming 470 nafarini, yaʼni, 45,1 foizini qizlar tashkil etishi alohida eʼtiborga loyiq.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Mamlakatimizda bolalar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, munosib hayot kechirishini taʼminlash boʻyicha erishilayotgan natijalar nafaqat yurtimiz aholisi, balki xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.
Bu borada baʼzi misollarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Oxirgi ikki yilda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar ajratish hajmi 2 barobar oshirildi.
Qiyoslash uchun aytadigan boʻlsak, agar 2014-2016 yillarda tijorat banklari tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlik uchun jami 3 trillion 800 milliard soʻm kredit ajratilgan boʻlsa, birgina 2018 yilning oʻzida esa bu koʻrsatkich 3 trillion 361 milliard soʻmni tashkil etdi.
Oʻylaymanki, mana shu raqamlarning oʻzi ham koʻp narsadan dalolat beradi.
Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan yillik toʻlovi 7 foiz boʻlgan imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Bu maqsadlar uchun oʻtgan yili 50 milliard soʻm ajratildi. Bu esa ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda, hunarmandlik, kasanachilik, tomorqa xoʻjaligi bilan shugʻullanishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishga xizmat qiladi.
Xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan joylarda 2018 yilda 2 mingdan ziyod kichik sex tashkil etilib, 18 mingga yaqin xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi.
Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda “Ustoz-shogird” tizimi asosida ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi vaqtda bu tajribani barcha hududlarda qoʻllash boʻyicha ish olib borilmoqda.
Xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida hududlarda zoʻrlikdan jabŕ koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha 155 ta markaz, “Ishonch telefonlari” tashkil etildi.
Xabaringiz bor, oʻtgan qisqa davrda yurtimizda uyma-uy yurib, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha samarali tizim yaratildi. Ushbu tizim asosida 2018 yilda 47 ming 690 nafardan ortiq ogʻir sharoitda yashayotgan, shuningdek, 13 ming 344 nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning muammolari joyida oʻrganildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida ana shunday xotin-qizlarning 14 ming 750 nafardan ziyodiga tibbiy yordam koʻrsatildi, 13 ming 636 nafari ishga joylashtirildi, 24 ming 660 nafardan ortigʻiga 21 milliard 540 million soʻmga yaqin moddiy yordam berildi. Shu toifaga mansub, uy-joyga ehtiyoji boʻlgan opa-singillarimizga 4 mingga yaqin arzon uy-joylar topshirilib, davlat tomonidan ularning boshlangʻich badallari toʻlab berildi. Ana shu turar-joylar atrofida tikuvchilik sexlari tashkil etilib, qariyb 1 ming nafar xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi.
Biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta izchil davom ettiramiz. Jumladan, 2019 yilda 1 ming 576 nafar sharoiti ogʻir xotin-qizlar uy-joylar bilan, shu toifaga mansub 13 ming nafardan ziyod qizlar ish bilan taʼminlanadi.
Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ogʻir sharoitda yashayotgan, nogironligi boʻlgan 1 ming 460 nafardan ziyod xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54 milliard 580 million soʻmdan ortiq boshlangʻich badallar toʻlab berildi.
Albatta, haqiqatan ham koʻmakka muhtoj boʻlgan bunday ayollarga keyingi 10 yilda arzon uy-joylar berilganini hech kim eslay olmasa kerak. Chunki bunday tizimning oʻzi yoʻq edi.
Shuningdek, joriy yilda ogʻir ijtimoiy ahvolda yashayotgan, nogironligi boʻlgan 15 ming 282 nafar ayolga tibbiy yordam koʻrsatiladi. Shu toifaga kiradigan 10 mingga yaqin xotin-qiz nogironlik aravachasi, eshitish va harakatlanish vositalari bilan taʼminlanadi.
Ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Lekin oʻzining uy-joyiga, ish oʻrniga ega boʻlgan har bir ayolning ortida oilasi, farzandlari, ota-onasi, yaqinlari borligini hisobga oladigan boʻlsak, qancha xonadonga quvonch kirgani, qancha odamning ruhi koʻtarilib, ularda hayotga, kelajakka ishonch paydo boʻlgani biz uchun eng muhim natijadir.
Muhtaram yigʻilish ishtirokchilari!
Barchangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz, millatimiz qiz farzandlarini doimo asrab-avaylab, mehr bilan voyaga yetkazadi.Ularni “ona qizim” deb ardoqlaydi. Chindan ham, qizlarimiz – bizning kelajagimiz, millatimiz genofondini asraydigan, munosib davom ettiradigan insonlardir va ularni jismoniy hamda maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash – ezgu burchimizdir.
Ayniqsa, hozirgi kunda qizlarimizga zamonaviy taʼlim, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiya berish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, oilaga tayyorlash oʻta dolzarb ahamiyat kasb́ etmoqda. Shu maqsadda barcha taʼlim maskanlari va mahallalarda faoliyat koʻrsatayotgan “Qizlarjon”, “Qiz bola va yosh oila”, “Mustaqil hayot ostonasida”, “Orasta qizlar” kabi klublar faoliyatini real hayotga, yoshlarimizning orzu-intilishlariga yanada yaqinlashtirish kerak, deb oʻylayman.
Shu oʻrinda yaqinda Namangan viloyatida aytgan bir fikrimni yana takrorlamoqchiman.
Agar siz farzandingizga dangʻillama uy qurib bersangiz – vaqti-soati kelib, u eskirishi mumkin. Agar eng zoʻr mashina olib bersangiz – uyam tez orada eskirishi mumkin. Agar unga moddiy boylik, pul qoldirsangiz – uyam bir kun sarf boʻlib tugashi mumkin. Ammo dunyoda hech qachon eskirmaydigan, yoʻqolmaydigan bebaho bir boylik borki, u ham boʻlsa, farzandingizga bergan bilim va hunardir. Lekin bilim va maʼrifatni qayerdan, nimadan olish mumkin? Avvalo, kitob degan xazinadan.
Men yurtimiz yoshlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Eng yaxshi kitobxon” koʻrik-tanlovini muntazam kuzatib boraman. Bu bellashuvlarda qizlarimizning eng yuqori oʻrinlarni egallayotgani ularning intellektual salohiyat va tirishqoqlik bobida hammani qoyil qoldirayotganidan dalolat beradi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Qizlar kutubxonasi” nomli mobil ilova yaratilib, ishga tushirilgani eʼtiborga loyiq.
Bugungi kunda buyuk shoiramiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan qizlarimiz soni 283 nafarga yetdi. Ularning koʻpchiligi hokimiyatlar, turli vazirlik, idora va tashkilotlarda, ommaviy axborot vositalari, taʼlim-tarbiya sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Bu mukofotning eng katta ahamiyati shundaki, unga sazovor boʻlgan har bir qizimizga yuzlab, minglab yoshlar havas qilib, ularga eŕǵashadi. Yoshlar uchun ibrat timsoli – yetakchilik, liderlik timsoli paydo boʻladi. Eng muhimi, bunday ibrat oʻz qizlarimiz orasidan, oʻzimizning maʼnaviy muhitdan yetishib chiqmoqda. Ularni koʻrib, yoshlarimizda oʻziga, oʻz kuchi va salohiyatiga ishonch, kelajakka intilish paydo boʻlmoqda.
Mana, bugungi davramizda Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi yangi sovrindorlari ham ishtirok etmoqda. Bugun sizlarning huzuringizda ularga ana shu mukofotlarni tantanali ravishda topshiramiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Barchamiz yaxshi tushunamizki, biz bunday yigʻilishlarda nafaqat yutuqlarimiz haqida gapirishimiz, ayni vaqtda kamchilik va nuqsonlarimiz haqida ham ochiq-oshkora soʻz yuritib, ularni hal qilish yoʻllarini birgalikda izlashimiz zarur.
Takror aytaman, xalqimiz, avvalo, siz, hurmatli opa-singillarimiz bilan maslahatlashib ish olib borsak, xato albatta kam boʻladi.
Shu maʼnoda, ayollar oʻrtasida huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi ham doimiy eʼtiborimiz markazida turishi lozim. Bu borada, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi boʻlgan shaxslar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish maskanlaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, muqaddam sudlangan, diniy ekstremistik oqimga daxldorlikda gumon qilinganlar roʻyxatidan chiqarilgan 3 ming nafardan ziyod ayol va notinch oilalarda yashayotgan xotin-qizlarga amaliy yordam berishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Ayni vaqtda sudlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Xotin-qizlar qoʻmitalari vakillari jamoatchilik asosida himoyachi boʻlib ishtirok etmoqda. Bunday yangi amaliyot natijasida 2018 yilda jinoyat sodir etgan va huquqbuzarlikka qoʻl urgan 893 nafar xotin-qiz kafillikka olinib, jazodan ozod etildi.
Oilaviy muammolar tufayli kelib chiqadigan jinoyatlarni keskin kamaytirish maqsadida 10 ming 14 ta notinch oila bilan profilaktika ishlari olib borildi va 71 foiz shunday oilaning notinchligi bartaraf etildi.
Xotin-qizlar, mahallalar, profilaktika inspektorlarining hamkorlikda olib borgan ishlari va koʻrilgan choralar natijasida xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik 2018 yilda 34 foizga kamayganini alohida taʼkidlash lozim.
Bundan tashqari, Oliy sud bilan Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida memorandum imzolanib, ajrashish uchun ariza bergan shaxslarni dastlab Xotin-qizlar qoʻmitasida suhbatdan oʻtkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yoʻlga qoʻyildi.
Keng jamoatchilik vakillari oʻzaro hamkorlikda olib borgan ishlar tufayli 2018 yilda ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning 26 mingga yaqini yarashtirildi. Eng muhimi, buning natijasida 36 ming 500 nafarga yaqin bola ota yoki ona mehridan judo boʻlishdan saqlab qolindi.
Yurtimizda toʻgʻri yoʻldan adashgan insonlar boʻlmasligi uchun bu boradagi ishlarni jaholatga qarshi maʼrifat asosida izchil davom ettirishimiz zarur.
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga, bugun meni eshitayotgan barcha yurtdoshlarimizga daʼvat qilib aytmoqchiman: xalqimiz, Vatanimiz taqdiri va kelajagiga bevosita daxldor boʻlgan
bu masalada hech kim befarq boʻlib chetda turmasligi kerak. Bu borada nafaqat xotin-qizlar qoʻmitalari, nafaqat mahalla faollari, balki barchamiz birgalikda qattiq ish olib borsak, vaziyat ijobiy tomonga albatta oʻzgaradi.
Bu maqsadga erishishda biz xotin-qizlarimizning ogʻirini yengil qilish, ularning hayotiy muammolarini yechish, orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor imkoniyatlarini ishga solamiz. Siz, aziz opa-singillarimiz bu masalada avvalo oʻzlaringiz tashabbuskor boʻlib, faol ishtirok etasizlar, deb ishonaman.
Muhtaram doʻstlar!
Sizlarga maʼlumki, onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun “Moʻtabar ayol” nishoni taʼsis etilgan edi. Bu yil 8 mart bayrami arafasida ushbu mukofot bilan 260 nafar opa-singillarimiz taqdirlandi.
Fursatdan foydalanib, ularni sizlarning nomingizdan, oʻz nomimdan samimiy tabriklayman.
Bugungi bayram munosabati bilan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun xotin-qizlarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida oʻzining noyob isteʼdodi bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan atoqli olimlarimiz, shoir va adiblarimizning sadoqatli umr yoʻldoshlari ham borligini alohida taʼkidlamoqchiman. Ularning koʻpchiligi bugungi davramizda ishtirok etmoqdalar.
Haqiqatan ham, oʻzining ilmiy va adabiy maktabini yaratgan ulkan olim va ijodkorning rafiqasi boʻlish oson emas. Buni bilgan biladi, bilmaganlar bilib qoʻysa, faqat foyda boʻladi.
Mana shunday mehribon, oqila, zukko opa-singillarimiz oʻz umr yoʻldoshlari – mashhur ilm-fan va adabiyot namoyandalarini doimo qoʻllab-quvvatlab, ularga ilhom bagʻishlab kelganlari, maʼnaviy tayanch boʻlib, fidoyilik namunasini koʻrsatganlari har qanday yuksak tahsinga loyiqdir.
Yuksak unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan opa-singillarimizni, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan qizlarimizni chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt tilayman.
Munis va mehribon opa-singillar!
Biz sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi boʻlib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.
Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz koʻp boʻlsin!
Barchangizni bugungi bahor va nafosat, goʻzallik bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda boʻlsin!
Hamisha sogʻ-omon boʻlinglar!