O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MTV korrupsiya holatlarini aniqlash va bartaraf etishni davom etmoqda
2019-03-07 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda insofsiz mudirlarga qarshi kurashmoqda.
Farzandlarimiz xavfsizligi bevosita maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining professionalligi va halolligiga bogʻliq. Maktabgacha taʼlim muassasalarida muntazam ravishda oʻtkazib boriladigan auditorlik tekshiruvlari nafaqat qoidabuzarliklarni aniqlash va oldini olishga, balki maktabgacha taʼlim tizimini insofsiz xodimlardan xalos etishga qaratilgan.
2018-yilning oktyabr oyida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasida rejali auditorlik tekshiruvi oʻtkazildi. Bunda mazkur muassasa mudiri D. Yu. audit tekshiruvi natijalarini kutmagan holda oʻz xohishiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ariza taqdim etdi.
Tekshiruv davomida Maktabgacha taʼlim vazirligi auditorlari tomonidan 708 mln. soʻm miqdorida oʻgʻirlik va noqonuniy sarf-xarajatlar holatlari, shu jumladan:
-amalda ishlamaydigan 19 nafar xodimga 592 mln. soʻmdan ortiq miqdorda ish haqi toʻlash;
-17,4 mln. soʻm miqdorida naqd pul mablagʻlarini noqonuniy hisobdan chiqarish;
- 4 mln. soʻmdan ortiq summaga oziq-ovqat mahsulotlari kamomadi;
- 93,9 mln. soʻmlik goʻsht va sut mahsulotlarini asossiz hisobdan chiqarish holatlari aniqlandi.
Shuningdek, 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilari 2018-yilning yanvar oyidan boshlab sentyabr oyiga qadar sut, tvorog, qatiq bilan taʼminlanmagan, goʻsht esa belgilangan normadan past miqdorda ajratilgan.
2018-yilning 15-noyabr kuni auditorlik tekshiruvi materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga topshirildi. 2018 yilning 26-dekabrida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Maktabgacha taʼlim vazirligi audit materiallari asosida jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Shu bilan birga 2018-yilning 22-oktabrida Jizzax viloyati Kasaba uyushmasi kengashi D. Yu. ni 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi mudiri lavozimiga qayta tiklash yuzasidan sudga daʼvo bilan murojaat etdi. 2018-yilning 18-dekabrida Jizzax fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudi taqdim etilgan daʼvoni qanoatlantirib, muassasa mudiriga majburiy progul uchun 3,3 mln. soʻm va moddiy zarar uchun 600 ming soʻm toʻlab berilishi haqida qaror qabul qildi.
“Afsuski, lavozimni sud orqali qayta tiklash keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi. Oʻz xohishiga koʻra yoki tegishli modda boʻyicha ishdan boʻshatilgan mudirlar sudda bosim ostida ishdan boʻshaganini taʼkidlab, avvalgi mansabini qaytarishga harakat qiladilar. Birinchidan, bunday arizalar - Maktabgacha taʼlim vazirligiga nisbatan tuhmatdir. Ikkinchidan, biz oʻgʻirlik, korrupsiyaga oid firibgarliklar va boshqa qoidabuzarliklar bilan bolalar hayoti va salomatligini xavf ostiga qoʻyayotgan shaxslar maktabgacha taʼlim tizimiga qaytishiga yoʻl qoʻya olmaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda insofsiz xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan qonunchilikni toʻgʻri qoʻllash boʻyicha ishlarni boshladi va davom etadi”, - deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi yuridik boshqarmasi boshligʻi Umida Usmonova.
2019 yilning 14 yanvarida Jizzax viloyati Maktabgacha taʼlim muassasalari boshqarmasi tomonidan Jizzax fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish yuzasidan kassatsiya shikoyati taqdim etildi. Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari, Oʻzbekiston Respublikasining oʻz vaqtida bildirgan munosabati, sud qarorlarining qonunchilik normalariga muvofiq kelishini tekshirish sharofati bilan 2019-yilning 22-yanvarida 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi mudirini lavozimiga qayta tiklash va unga 3,9 mln. soʻm toʻlash toʻgʻrisidagi qaror bekor qilindi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davom etmoqda.