O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Avstriya TIV rahbari oʻrinbosari bilan uchrashuv
2019-03-07 | Siyosat
2019-yilning 7-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Avstriya Respublikasi Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Yohannes Peterlik bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Avstriya aloqalari, shuningdek, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda soʻnggi vaqtlarda kuzatilayotgan turli darajalardagi samarali ikki tomonlama aloqalarni faollashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlatlararo aloqalarni izchil kengaytirish va chuqurlashtirish ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos kelishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Avstriya tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrtasida 2018-yil 22-noyabr kuni Bryusselda boʻlib oʻtgan muzokaralarning samarali yakunlari kelajakda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash imkonini berdi.
Suhbat davomida 2019-yil aprel oyida Toshkent shahrida Savdo va iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish va uning doirasida biznes-forum tashkil etishga tayyorgarlik jarayoni ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda Avstriya Elchisi Alois Kraut ishtirok etdi.