O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Lyuksemburg TIV rahbari bilan uchrashuv
2019-03-06 | Siyosat
2019-yilning 6-mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Lyuksemburg Buyuk Gersogligining Tashqi va Yevropa ishlari vaziri Jan Asselborn bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Lyuksemburg kun tartibidagi barcha masalalar va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, jumladan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Lyuksemburgni Yevropadagi ishonchli sherik deb hisoblaydi. Lyuksemburgning “Oʻzbekiston-Yevropa munosabatlarida faol rolini hisobga olgan holda ushbu davlat bilan “Oʻzbekiston-YI” shaklidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratiladi.
Vazir Jan Asselborn 2010-yil 28-29-mart kunlari rasmiy delegatsiya rahbarligidagi Oʻzbekistonga qilgan tashrifini iliq soʻzlar bilan yodga oldi va Lyuksemburg rahbariyati mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berishini taʼkidladi.
Muzokaralarda mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu oʻrinda Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Shuningdek, vazirlar turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni faollashtirish masalalarini koʻrib chiqdilar.