O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Davlat bojxona qoʻmitasining shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi

2019-03-06 | Jamiyat

Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Davlat bojxona qoʻmitasining shaxsiy tarkibi ishtirokidagi tantanali tadbirda qatnashdi. Videokonferensiya tarzida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy kinologiya markazi va Bojxona instituti shaxsiy tarkibi ham masofadan turib ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuriyaga mamlakatimiz bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida koʻrgazmali tarzda batafsil maʼlumotlar berildi, shu mavzuda tayyorlangan ingliz tilidagi maxsus rolik ham namoyish qilindi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017-2021-yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalar qatori bojxona sohasida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2018-yilda bojxona organlari faoliyatini tubdan isloh etish, tadbirkorlik va turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, 2018-yil 1-yanvardan respublikamizning xalqaro aeroportlarida ikki yoʻlakli (“qizil” va “yashil”) tizim ishga tushirildi. Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazishda 4 yoʻlakli (“qizil”, “sariq”, “yashil” va “koʻk” yoʻlaklari) avtomatlashtirilgan Xavfni boshqarish tizimi 2019 yilning 1 martidan boshlab toʻlaqonli ravishda amaliyotga tadbiq qilindi.

Tadbirda soʻz olgan Bosh kotib Jahon bojxona tashkiloti va Oʻzbekistonning koʻp yillik hamkorligiga asosiy eʼtiborni qaratdi. Oʻzaro hamkorlik Oʻzbekistonning bojxona qonunchiligini umumqabul qilingan xalqaro standartlar, meʼyorlar va amaliyot bilan uygʻunlashtirish borasida jadal rivojlanayotganini taʼkidladi. Zero, norasmiy ravishda “Jahon bojxona tajribasi markazi” deya nomlanadigan Jahon bojxona tashkilotida bu borada boy ilgʻor tajriba jamlangan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasi ham bojxona protseduralarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish boʻyicha Kioto konvensiyasiga qoʻshilish sari dadil qadamdir.

Bosh kotib Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga qaratilgan aniq maqsadli islohotlarni, bu boradagi ochiq tashqi siyosatini toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Mamlakatning iqtisodiy, madaniy va tarixiy jihatdan mintaqada strategik oʻringa egaligini hisobga olib, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishida Jahon bojxona tashkiloti ham oʻz hissasini qoʻshishini maʼlum qildi.

Tadbir davomida davlat bojxona xizmati organlarida oʻrnak koʻrsatib xizmat qilib kelayotgan bir guruh faol xodimlarga shaxsan Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi tomonidan imzolangan nufuzli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbirdan soʻng Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuriya Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona ekspertizasi va TIF tovarlar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi qoshidagi laboratoriya hamda “Bojxona tarixi” muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Поделиться