O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh olimlar va tadqiqotchilar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi
2019-03-06 | Fan
5-mart kuni milliy matbuot markazida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan “Yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoya qilish borasidagi belgilangan chora-tadbirlar, shuningdek, ularning fan va texnika rivojlanishidagi oʻrni” mavzusidagi matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida vazir oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov, boshqarma boshliqlari Bahrom Ismoilov, Maqsud Hamrayev, shuning oliy taʼlim taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari, yosh tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Vazir oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov ommaviy axborot vositalari vakillariga yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida 26 297 nafar professor-oʻqituvchilar faoliyat olib bormoqda, ulardan 9073 nafari ilmiy daraja (2023 nafari fan doktori (DSc), 7050 nafari fan nomzodi (PhD)ga ega.
Matbuot anjumanida oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati oʻtgan yillarga nisbatan oshib, 34,5 foizni tashkil etsa-da, lekin oliy taʼlim muassasalari uchun bu yetarli emasligi taʼkidlandi.
Anjumanda oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-darajali professor-oʻqituvchilar tarkibini yoshartirish hozirgi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi. Hozirda oliy taʼlim muassasalaridagi fan doktorlarining 51,9% 60 yoshdan kattalar, 40 yoshgacha boʻlganlar bor-yoʻgʻi 7,5% ni tashkil qiladi, fan nomzodlari orasida 60 yoshdan kattalar 24,5%, 40 yoshgacha 17% ni tashkil qiladi xolos.
Buning uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan yosh ilmiy tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularni ilm bilan shugʻullanishga ragʻbatlantirish maqsadida qator choralar koʻrilmoqda.
Jumladan, Jahon banki krediti hisobidan 2019-2021-yillarda yosh olimlar uchun Akademik innovatsiyalar fondi tashkil etilib, mazkur fondning 4 mln. AQSH dollari mablagʻlari hisobidan 6 ta fan sohalari boʻyicha innovatsion ilmiy-oʻquv komplekslar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yosh olimlarga ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun zarur sharoitlar yaxshilanmoqda. Birgina 2018-yilning oʻzida Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshida 3 ta yangi ilmiy-tadqiqot muassasasi tashkil etildi. (Nanotexnologiyalar markazi, Yarim oʻtkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, Biofizika va biokimyo instituti).
Respublikadagi 18 ta oliy taʼlim muassasasida davlat-ilmiy texnik dasturlari doirasida yosh tadqiqotchilar tomonidan umumiy qiymati 3,6 mlrd. soʻmga teng jami 69 ta fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga javob berildi.