Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chogʻida bizning Namangan shahrida joylashgan “ANAMED” xususiy diagnostika markazi faoliyati bilan ham tanishib, jamoamiz bilan samimiy muloqotda boʻlgani barchamizning koʻnglimizni togʻday koʻtarib, gʻurur-iftixor bagʻishladi. Zimmamizga yanada katta masʼuliyat yuklab, yangi marralar sari undadi.
Xususiy diagnostika markazini bundan ikki yil oldin tashkil qilgan edik. Davlatimiz rahbari tomonidan sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor loyihaning ikkinchi bosqichi borasidagi maqsadimizni roʻyobga chiqarish yoʻlida bizga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Oʻtgan davr mobaynida loyihaning birinchi bosqichida koʻzda tutilgan diagnostika faoliyatini yoʻlga qoʻyib, bu borada jahon andozalari darajasida tibbiy diagnostika xizmati koʻrsatilishiga erishdik. 52 oʻrinli statsionar davolash boʻlimi ham faoliyat boshlash arafasida turibdi.
Neyrojarrohlik, nevrologiya, kardiologiya, urologiyaga ixtisoslashgan ushbu markaz ilgʻor diagnostika va tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan. Jumladan, markazga keltirib, ishga tushirilgan oxirgi avlod UTT apparati tashxis aniqligi va funksional imkoniyatlari nuqtai nazaridan mamlakatimizda qoʻllanilayotgan sanoqli uskunalardan biridir. Shuningdek, markazning laboratoriya, nevropatologiya, radiologiya, endokrinologiya boʻlimlarida ham “General Elektrik”, “Siemens” kabi mashhur kompaniyalarda ishlab chiqarilgan tibbiyot texnikalari vositasida yurtdoshlarimizga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Koʻchma rentgen, neyrojarrohlik stoli, anesteziologiya uskunasi, mikroiqlim hosil qilish, yoritish, sunʼiy nafas oldirish va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan ikkita jarrohlik blokida jahon andozalari darajasida jarrohlik amaliyoti oʻtkazish mumkin. Jonlantirish xonalari avtonom kommunikatsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlib, bu xonalarda muayyan bemorga qulay va zarur iqlim sharoiti hosil qilib beriladi.
Bundan tashqari, joriy yilda shifo maskanimizga “Siemens Acison SC 2000” rusumli kardioUZI, Buyuk Britaniyaning “BTL” kompaniyasida ishlab chiqarilgan fizioterapiya muolaja uskunalari jamlanmasi keltirib, ishga tushirildi.
Albatta, muassasamizda texnik taʼminot bilan bir qatorda zamonaviy uskunalar bilan ishlay oladigan malakali kadrlar jamoasini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada ilmiy-amaliy hamkorlik boʻyicha Qozon shahrining mintaqalararo klinik diagnostika markazi bilan memorandum imzolangan boʻlib, bir guruh shifokorlar u yerda malaka oshirib qaytdi. Ular oʻzlashtirgan bilim va mahoratini amaliyotga tatbiq etish barobarida, hamkasblariga ham oʻrgatmoqda.
Buyuk Britaniya, Yaponiya va Rossiya kabi davlatlarning yetakchi diagnostika markazlari bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Bir guruh shifokorlarimiz ushbu mamlakatlarda malaka oshirib qaytgan. Hindiston va Rossiyadan tajribali shifokorlar ishga jalb etilgan.
Prezidentimizning markazimiz bilan tanishib, xodimlar bilan yuzma-yuz samimiy muloqot qilgani butun jamoa, jumladan, muassasa rahbari, tadbirkor sifatida men uchun ham gʻoyatda ahamiyatli boʻldi.
Davlatimiz rahbari boshlagan ishimizga, erishgan natijalarimizga, markazning qurilishi va jihozlanishiga yuqori baho berish barobarida, faoliyatimizni yanada takomillashtirish yuzasidan qimmatli maslahatlar berdi. Biz oʻsha kuniyoq Prezidentimiz oʻrtaga tashlagan gʻoyalar asosida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalarini ishlab chiqdik. Jumladan, joriy yil ikkinchi choragidan boshlab muassasa qoshida oʻquv markazi tashkil qilish va bu yerda mamlakat miqyosida vrachlar malakasini oshirish, yuqori malakali hamshiralar tayyorlashni yoʻlga qoʻyamiz. Oʻquv mashgʻulotlari oʻtish uchun xorijda oʻqib kelgan mahalliy hamda chet ellik mutaxassislar, ilgʻor texnologiyalar jalb etiladi. Ushbu markazda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan shifokor va hamshiralar ham nazariy, ham amaliy malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, Prezidentimiz tavsiyalariga asosan mobil diagnostika xizmatini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Maxsus UTT, qon tahlili laboratoriyasi va boshqa diagnostika uskunalari bilan jihozlangan avtobus oldindan ishlab chiqilgan jadval asosida viloyatning chekka qishloqlarida yurtdoshlarimizga yuqori sifatli tibbiy diagnostika xizmati koʻrsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning soʻz va amaldagi faoliyati biz uchun ibrat va andoza boʻlmogʻi kerak, aniqrogʻi, bugun ezgu maqsad va shunga munosib saʼy-harakatlar davridir.
N.Abdullaxonov,
Namangan shahridagi “ANAMED”
xususiy diagnostika markazi rahbari.