O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Butunjahon universiadasi oʻyinlarida ishtirok etmoqda
2019-03-04 | Sport
Joriy yilning 2-12-mart kunlari Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida Butunjahon qishki universiada oʻyinlari oʻtkazilmoqda. Ushbu nufuzli sport anjumanida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Musobaqada yurtimiz sharafini Ali Toʻxtayev va Ivan Merkushin murabbiyligida Komiljon Toʻxtayev (togʻ changʻisi), Damir Buxarbayev (togʻ changʻisi), Aldiyor Gaipov (togʻ changʻisi), Yekaterina Lyabina (snoubord) hamda Jasur Mahmudov (snoubord) himoya qilmoqda.
Ayni paytda sportchilarimiz musobaqa oʻtkazilayotgan inshootlarda boʻlajak bahslarga jiddiy tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Talabalar Olimpiadasi, deya taʼriflanadigan Butunjahon universiada sport oʻyinlari yoki soddaroq qilib aytganda Universiada mana 50 yildirki, ahamiyati jihatidan jahon sport arenasida ikkinchi xalqaro kompleks tadbir hisoblanadi.
Universiada – Xalqaro talabalar sporti federatsiyasi (FISU) shafeligida talabalar oʻrtasida, Olimpiya sikldan farqli ravishda har ikki yilda bir marotaba oʻtkaziladigan xalqaro musobaqa hisoblanadi. Bahslarda 17 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan talabalar va musobaqa oʻtkazilayotgan yilda diplom olgan bitiruvchilar ishtirok etishlari mumkin.
Bu galgi Universiadada qatnashayotgan davlatlar soni rekord darajani qayd etib, 58 ta mamlakatidan 3000 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Talaba-sportchilar biatlon, togʻ changʻisi, kerling, changʻi poygalari, snoubord, konkida figurali uchish, fristayl, xokkey, toʻpli xokkey, changʻida moʻljalni olish va short-trek kabi 11 ta sport turi boʻyicha 76 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishmoqda.
Maʼlumot uchun: Krasnoyarsk shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon qishki universiada oʻyinlari qishki sport turlari rivojlangan Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Kanada hamda qishki sport turlari keng ommalashmagan Afgʻoniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Liviya davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Eng koʻp sportchi bilan Rossiya (293 nafar), Shveysariya (99 nafar) va Xitoy jamoalari (79 nafar) ishtirok etayotgan boʻlsa, Islandiya va Meksika jamoalarida bir nafardan, Lixtenshteyndan ikki nafar sportchi qatnashmoqda.