O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Aʼlo taʼtil" loyihasi endi bayramlar munosabati bilan beriladigan dam olish kunlarida ham oʻtkaziladi
2019-03-01 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Kamalak“ bolalar tashkiloti hamkorligida oʻtkazib kelinayotgan "Aʼlo taʼtil" dam olish va ijod oromgohining II mavsumi eʼlon qilindi.
“Aʼlo taʼtil" loyihasi Respublika hamda xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlov va festivallarda yutuqlarga erishib kelayotgan iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilmoqda. Xususan, mazkur loyiha fanlarni aʼlo oʻzlashtirayotgan, iqtidorli bolalar uchun boshqa tengdoshlari bilan tajriba almashishlari uchun umumiy muloqot maydonlarini yaratadi. Bolalarni kasb-hunarga yoʻnaltirib, ularning qiziqishlarini rivojlantiradi. Qolaversa, oʻgʻil-qizlarda liderlik, tahliliy va tanqidiy tafakkurni, vaqtni boshqarish hamda maqsadlarni belgilash, zamonaviy shaxs va koʻnikmalarni shakllantiradi. Eʼtiborlisi, profilaktik roʻyxatda turuvchi oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini va oʻquv motivatsiyasini oshirib, ularning jamiyatga ijtimoiy-psixologik moslashuvini tashkil etishga koʻmaklashadi. Shu boisdan ham mazkur loyiha bolalarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish, “Kamalak” bolalar tashkilotining nufuzini bolalar oʻrtasida oshirish va sardorlik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida uyushqoqlik bilan tashkil etib kelinmoqda.
Loyihaning II mavsumi joriy yilning 5-9 mart kunlari Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida joylashgan “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro yoshlar oromgohi”da boʻlib oʻtadi. Loyihada respublika boʻyicha 10-16 yoshdagi oʻquvchilar qoʻyidagi tavsiflar boʻyicha ishtirok etishlari mumkin:
xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari;
fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan sinf, maktab sardorlar kengashi aʼzolari;
fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan sardor boʻlmagan oʻquvchilar;
profilaktik roʻyxatda turuvchi (tarbiyasi yaxshi tomonga oʻzgarayotgan) oʻquvchilar.
Respublika va xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari, profilaktik roʻyxatda turuvchi (tarbiyasi yaxshi tomonga oʻzgarayotgan) oʻquvchilar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (fanlarni aʼlo oʻzlashtirayotgan) 84 nafar oʻquvchilar Xalq taʼlimi vazirligi orqali shakllantirilgan roʻyxat asosida, Fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan sinf, maktab sardorlar kengashi aʼzolari, Fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan sardor boʻlmagan 98 nafar oʻquvchilar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tanlov asosida saralangan holda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.
II mavsumda 182 nafar oʻquvchi-yoshlar ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, “Aʼlo taʼtil" loyihasining I mavsumida Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 192 nafar aʼlochi oʻquvchilar 3-10 yanvar kunlari Qishki taʼtil vaqtlarini maroqli oʻtkazishgan edi.