O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Inflyatsiya: mohiyati, sabablari va namoyon boʻlish shakllari hamda iqtisodiyotdagi oʻrni” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2019-03-01 | Iqtisodiyot
2019-yil 28-fevral kuni Milliy matbuot markazida “Inflyatsiya: mohiyati, sabablari va namoyon boʻlish shakllari hamda iqtisodiyotdagi oʻrni” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda, Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati, markaziy apparat tarmoq boshqarmalari boshliqlari, Toshkent viloyat va Toshkent shahar statistika boshqarmalari xodimlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi oʻqituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Inflyatsiya - bu barcha tovar va xizmatlarga boʻlgan narxlarning koʻtarilishidir. Inflyatsiya darajasini hisoblashda asosan narxlarning oʻsish dinamikasini ifodalovchi koʻrsatkichlardan foydalaniladi. Inflyatsiyani hisoblashda asosiy koʻrsatkich - narx indeksi hisoblanadi.
Isteʼmol narxlari indeksi (INI) – inflyatsiya darajasini ifodalaydigan asosiy koʻrsatkichlardan biri boʻlib, oʻrtacha isteʼmolchi xarid qiladigan tovar va xizmatlarning oʻzgarmas toʻplami qiymatining umumiy oʻzgarishini hisoblaydi, yaʼni maʼlum davr mobaynida, tovar va xizmatlar isteʼmoli miqdorining oʻzgarmas boʻlgan holida, aholining isteʼmol xarajatlari umumiy miqdorining oʻzgarishini ifodalaydi. Isteʼmol narxlari indeksida, mamlakatning barcha hududlari boʻyicha turli tovar va xizmatlar narxlarining harakati oʻrtacha darajaga keltiriladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, 2018-yilning yanvar-dekabr oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 14,9 % ga qimmatlashdi. Bu esa oʻz navbatida umumiy INIning oʻsishiga 6,4 foiz darajasida (keyingi oʻrinlarda f.d.) taʼsir etdi. Non (28,5 %), goʻsht (21,7 %), sut (12,9 %) va meva-sabzavot (4,7 %) mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi natijasida INI oʻrtacha 5,5 f.d.ga oshishiga olib keldi.
Nooziq-ovqat tovarlari narxlarining 12,5 % ga oshgani INIning 4,4 f.d.da oʻsishiga olib keldi. Kiyim-kechak, poyabzal, gazlama va eshilgan iplar, qurilish mollari, dori-darmonlar, avtomobillar uchun yoqilgʻi va yoqilgʻi mahsulotlari, shaxsiy gigiena mahsulotlari narxlarining oshishi jami INIning 20,4 % ga teng boʻldi yoki inflyatsiyaning umumiy oʻsishiga 3,5 f.d.da taʼsir qildi.
Shuningdek, mamlakat aholisiga xizmat koʻrsatish boʻyicha narxlar va tariflar yil davomida oʻrtacha 15,8 % ga oshdi, bu esa, INIni umumiy 3,5 f.d.da oʻsishiga olib keldi. Ushbu sohadagi asosiy inflyatsiya omillari aloqa xizmatlari tariflarini 11,7 % ga, sport xizmatlari 15,5 % ga, maishiy xizmatlar 12,2 % ga, uy-joy kommunal xizmatlari 25,6 % ga, yoʻlovchi tashish transport xizmatlari 14,8 % ga, taʼlim xizmatlari 17,0 % ga oʻsib, INIni umumiy oʻsish surʼatiga 3,0 f.d.da taʼsir koʻrsatdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan har oyning yakunida inflyatsiya darajasi, narx-navo koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar qoʻmitaning www.stat.uz rasmiy saytida, infografika roliklari koʻrinishida “Oʻzbekiston 24” hamda “Oʻzbekiston” teleradiokanallarida shuningdek Davlat statistika qoʻmitasining Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi va Telegram messenjerida guruhi orqali foydalanuvchilar eʼtiboriga havola etib kelinmoqda.
Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida oʻtkazilayotgan seminarlar va davra suhbatlarida ham Inflyatsiya darajasi koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar eʼlon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Yuqoridagilar qatorida, matbuot anjumani davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari boʻyicha qiyosiy statistik tahlillar taqdim etildi.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.