Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yosh olimlar kengashi tashabbusi bilan yosh olimlarning “Ilmiy munozaralar klubi” tashkil etildi.
Mazkur klubning ilk yigʻilishida AKT sohasida ilmiy tadqiqot izlanishlarini olib borayotgan doktorantlar, tadqiqotchilar, magistrlar, yosh pedagog oʻqituvchilar hamda sohaning malakali amaliyotchilari ishtirok etdi.
Respublika yosh olimlar kengashi moderatorlari Ilmiy munozaralar klubining faoliyati, istiqboli va tahlil uchun belgilanadigan mavzular toʻgʻrisida ishtirokchilarga atroflicha maʼlumot berdi. Ushbu klub ilmiy-tadqiqot izlanishlarini olib borishning bosqichlari haqida maʼlumotlar berish, dolzarb, ijtimoiy ahamiyatga molik tadqiqotlar mavzusini tanlashga koʻmaklashish, yosh tadqiqotchilarga ilmiy mushohada, ilmiy faraz, prognoz, qiyosiy, tahliliy xulosalar chiqarish koʻnikmalarini oʻrgatish, tadqiqot olib borish tartiblari, tadqiqotchilarning ilmiy maʼruzalarini yetakchi xalqaro jurnal va nashrlarga tavsiya etish, qoʻllab-quvvatlashda amaliy yordam koʻrsatish kabi vazifalarni bajarishi taʼkidlab oʻtildi.
Yigʻilishda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yosh tadqiqotchilari mavzuga doir ilmiy maʼruzalar bilan ishtirok etdi.
“Respublika yosh olimlar kengashi” nodavlat notijorat tashkiloti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.USMONOVA, OʻzA muxbiri