O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Poytaxtimizda I xalqaro Toshkent yarim marafoni oʻtkaziladi

2019-03-01 | Sport

Har bir marafon ishtirokchi roʻyxatdan oʻtish uchun tashkiliy qoʻmita hisobiga 50 ming soʻm mablagʻ oʻtkazishlari zarur.

Joriy yilning 24-mart kuni poytaxtimizning Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari kesishmasidagi 21 kilometr masofada I xalqaro Toshkent yarim marafoni oʻtkaziladi.
 
Musobaqa Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimiyati va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilmoqda.
 
Marafon Navroʻz bayrami tantanalari davom etayotgan kunlari oʻtkazilishi munosabati bilan musobaqa xalq sayillariga ulanib ketadi.
 
“Bahorning ilk kunlaridan boshlab poytaxtimizning har bir nuqtasida turli tadbirlarni oʻtkazishni rejalashtiryapmiz. Jumladan, “Lola sayli”, “Sumalak va halim sayli”, “Daraxt ek” va “Doʻppi kiyamiz” aksiyalari oʻtkaziladi. I Xalqaro Toshkent yarim marafoni ishtirokchilarini xalq sayillari va oʻzbek yigitlarining milliy bosh kiyimi befarq qoldirmaydi degan umiddamiz. Bundan tashqari, “Varraklar sayli” oʻtkazilib, unda chillak, lanka tepish kabi milliy oʻyinlar tashkil etiladi. “Daraxt ek” aksiyasiga ham yaqin kunlarda start beriladi. Toshkent shahar hokimligi turli koʻchatlarni xarid qilmoqda. Ushbu koʻchatlar yurtdoshlarimiz hamda xorijdan kelgan mehmonlar ekishi uchun bepul beriladi. Bu aksiya orqali Toshkent shahrida 100 minglab koʻchat ekishni rejalashtiryapmiz”, deydi Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Elbek Shukurov. 
 
Taʼkidlanishicha, xorijdan kelgan sportchilar Toshkent shahrining oʻzida butun Oʻzbekistonning urf-odat, anʼanalarini koʻrish bilan birga turli taomlarini tatib koʻrish imkoniga ham ega boʻlishadi. Marafon boʻlib oʻtadigan koʻchada har bir viloyat vakillari oʻz urf-odatini, kiyimlarini namoyish qilib, taomlarini tortiq etishadi. Marafon ishtirokchilari lapar, Xorazm lazgisi, chanqovuz ohanglaridan bahramand boʻladi.
 
“Bu marafon xalqaro doʻstona sport turlarini va turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Musobaqaga yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridan kelgan sportchilar va sayyohlarni jalb qilib, ularga Toshkentning zamonaviy infratuzilmasini koʻrsatish orqali poytaxtda boshqa ommaviy sport tadbirlari oʻtkazilishiga erishmoqchimiz. Musobaqada erkaklar va ayollar orasida 18 yosh va undan kattalar qatnashish huquqiga ega. Yarim marafonda va 5 kilometrga yugurish davomida barcha sportchilar qaysi mamlakatdan kelganligidan qatʼiy nazar ishtirok etishlari mumkin. 5 kilometrga yugurishda qatnashuvchilarning yosh chegarasi 15 yoshdan katta boʻlgan ayollar va erkaklar, shuningdek, 46-55, 56-65, 66 va undan katta faxriylar orasida oʻtkaziladi”, deydi Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Komoliddin Ruzamuhamedov. 
 
Mutaxassisning maʼlum qilishicha, 5 kilometr masofaga Oʻzbekiston futbol klublari, Milliy sport federatsiyalari sportchilari, vazirlik va idoralarning jamoalari qatnashishi mumkin. Bundan tashqari 1 kilometr masofaga yugurish ham amalga oshirilib, unda imkoniyati cheklanganlar ishtirok etishlari kutilmoqda.
 
Yarim marafonning va 5 kilometr masofaga yugurishda ishtirok etmoqchi boʻlganlar arizasi tihm.uz veb-sayti orqali yoki tashkiliy qoʻmitaning ofisida 2019-yil 15-martgacha qabul qilinadi. Har bir ishtirokchi roʻyxatdan oʻtish uchun tashkiliy qoʻmita hisobiga 50 ming soʻm mablagʻ oʻtkazishlari zarur. Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng ishtirokchi musobaqa paketiga ega boʻladi. Ishtirokchi paketida 2 dona koʻkrak raqami, musobaqa emblemasi tushirilgan maxsus futbolka, kepka, buklet hamda masofa trassasi yuzasidan maʼlumot boʻladi.
 
Musobaqa davomida zamonaviy chiplar bilan vaqtni avtomatlashtirilgan tarzda koʻrsatuvchi transponder tizimi ishlatiladi. Ishtirokchilarning natijalari yarim marafonda va 5 kilometr masofaga qayd etiladi.
 
Yarim marafonda ishtirok etgan erkak va ayollar alohida 1 oʻrindan 8 oʻringacha 12 million soʻmdan 3 million soʻmgacha pul mukofoti, diplom va medallar bilan taqdirlanadi. 5 kilometr masofaga yuguruvchilarning har biri oʻz toifalarida erkaklar va ayollar alohida 1 oʻrindan 6 oʻringacha qimmatbaho sovrinlar, diplom va medallar topshiriladi.
 

Xurshid Qodirov, OʻzA

Поделиться