Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi musobaqalarda ishtirok etadi
Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida MDHga aʼzo davlatlarning Mudofaa vazirlari kengashi qoshidagi Sport qoʻmitaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston tomonidan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi jismoniy tayyorgarlik va sport boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Aziz Haydarov hamda Mudofaa vazirligi Sport klubi boshligʻi podpolkovnik Mansur Mamadaminov ishtirok etdi.
Mazkur yigʻilishda MDHga aʼzo davlatlar Rahbarlari kengashi tomonidan 2018-yil 28-sentabrda imzolangan «1941—1945-yillarda Ulugʻ Vatan urushidagi Gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan masalalar ijrosiga qaratildi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida Qozogʻiston Respublikasida MDHga aʼzo mamlakatlarning oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida birinchi marotaba Harbiy-sport oʻyinlarining oʻtkazilishi muhokama qilindi.
Yigʻilish davomida 2020-yilda MDHga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasida III Harbiy-sport oʻyinlarini tashkil etish koʻrib chiqildi. 25-may – 3-iyun kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan oʻyinlar 6 ta yoʻnalish boʻyicha tashkil etiladi.
Xalqaro armiya oʻyinlaridan keyingi oʻrinda kelayotgan va MDHga aʼzo-davlatlarda tobora ommalashib borayotgan Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar Doʻstona armiyalarining spartakiadasi bu yil ham murosasiz boʻlishi koʻzda tutilgan.
Xususan, oʻtgan yilda Toshkentda oʻtkazilgan “Armiya qoʻl jangi” boʻyicha xalqaro musobaqada harbiylarimiz umumjamoa hisobida gʻalaba qozongan edi. Bu yilda mazkur musobaqalarga Qozogʻiston mezbonlik qiladi.
Spartakiada doirasida oʻtkaziladigan komandirlik startlari va harbiy koʻpkurash musobaqalari shu yilning iyul oyida Belarusda boʻlib oʻtadi. (Oʻtgan yilda Rossiyada oʻtkazilgan komandirlik startlari musobaqasida mamlakatimiz vakillari 2-oʻrinni egallagan edi).
Yangilik sifatida spartakiadaning “PM-3 va AK-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” musobaqalariga Oʻzbekiston mezbonlik qiladi. Shuningdek, Spartakiadaning “Togʻ uchkurashi” bahslari sentyabr oyida Rossiya hududida boʻlib oʻtadi (oʻtgan yilda oʻzbekistonlik harbiylar bu yoʻnalishda ikkinchi oʻrinni egallab qaytgan).
Taʼkidlab oʻtamiz, mazkur musobaqalarning barchasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Yigʻilish davomida Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlarning qurolli kuchlari oʻrtasida jismoniy tayyorgarlik va sport sohasida hamkorlikning “Istiqbolli reja” loyihasini tayyorlashga ham kelishib olindi. 2019-yilning yakunlari boʻyicha navbatdagi yigʻilish Qozogʻistonda oʻtkaziladi.