O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashining 24-majlisi boshlandi
2019-02-28 | Iqtisodiyot
28-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashining 24-majlisi oʻtkazilmoqda.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida oʻtkazilayotgan majlisda Oʻzbekiston hukumati, ishbilarmon doira vakillari va Buyuk Britaniya bosh vazirining savdo masalalari boʻyicha maxsus vakili baronessa Emma Nikolson boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Delegatsiya tarkibida Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari, xususan 55 ta kompaniyaning 100 dan ziyod vakillari oʻrin olgan.
Majlisda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari ham qatnashmoqda.
Majlisning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtish borasida olib borilayotgan ishlar mazmuniga toʻxtaldi.
– Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar ortga qaytmaydi, izchil davom etadi, – dedi E.Gʻaniyev. –Biz erkin bozor iqtisodiyotini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaymiz, mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini kafolatlaymiz.
Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashining 24-majlisi doirasida mamlakatimizda Prezident maktablarini tashkil etishda oʻzaro hamkorlik, oʻzbekistonlik yoshlar uchun Birlashgan Qirollikning xalqaro standartlarga mos keluvchi universitetini tashkil etish, Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash majmuasi, koʻp tarmoqli “London Clinic” shifoxonasini bunyod etish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Majlisning yalpi sessiyalari oʻzaro investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida hamkorlik istiqbollari, Oʻzbekistonda loyihalarni moliyalashtirish masalalariga bagʻishlandi.
Kunning ikkinchi yarmida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida “G2G”, “G2B”, “B2B” formatda uchrashuvlar oʻtkaziladi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashi ikki tomonlama kelishuvga koʻra 1994-yilda tashkil etilgan. Kengash ikki mamlakat oʻrtasida savdoni rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Malohat Husanova, OʻzA