O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mamlakatimiz sportini ommalashtirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi

2019-02-28 | Sport

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev boshchiligidagi delegatsiya ishchi tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi.

Tashrifdan Xitoy Xalq Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinlardan birida turuvchi Xitoy tajribasini yurtimizga tadbiq etish, mazkur yoʻnalishda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, xususan birgalikda mutaxassislar tayyorlash tizimini shakllantirish kabi bir qator maqsadlar koʻzlangan. 

Oʻzbekiston va Xitoy sporti mutasaddilarining bu galgi uchrashuvi dunyoning eng katta oʻnta shahridan biri boʻlgan Shanxaydan (aholisi 21,4 mln. kishi) boshlandi. Dastlab Shanxay munitsipal hukumati vitse-meri janob Chen Syun va mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari – Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev boshchiligida tomonlar ommaviy, yaʼni barcha aholi uchun moʻljallangan mahalliy sport majmuasi hamda sport maktabini koʻzdan kechirishdi. 

Uchrashuv davomida sport sohasida oʻzaro tajriba almashish, yurtimizda Shanxay sport universiteti bilan hamkorlik dasturi asosida sport turlari boʻyicha oʻzbekistonlik trenerlar, sportchilar hamda talabalar mahoratini oshirish, aholini sport bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sport inshootlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish boʻyicha bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Oʻz navbatida Dilmurod Nabiyev ham yurtimizdagi sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida mezbonlarga batafsil maʼlumot berdi.

Shundan soʻng vakillarimiz Shanxay sport universitetida boʻlib, bu yerdagi mavjud sharoitlar va taʼlim jarayonlarining yoʻlga qoʻyilishi bilan tanishdilar. Ushbu oliy taʼlim muassasasida sport jurnalistikasi, sport meditsinasi, sport menejmenti, sport psixologiyasi yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, muzokaralar davomida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Shanxay sport universiteti oʻrtasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oliy taʼlimning uch bosqichini oʻz ichiga olgan tizimli hamkorlik yuzasidan qoʻshma kelishuvga erishildi. Unga koʻra, dastlab oʻzbekistonlik talaba va trenerlarning Xitoyda qisqa muddatli oʻquv kurslari, keyin magistratura va aspiranturada oʻqishlari tashkil etiladi.

Kunning ikkinchi yarmida “Double Happiness sports” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Eʼtiborlisi, mazkur yirik sport anjomlari ishlab chiqaruvchi kompaniya 2008-yil Xitoyda boʻlib oʻtgan XXIX va 2012-yil Londonda boʻlib oʻtgan XXX yozgi Olimpiya oʻyinlarini sport anjomlari bilan taʼminlagan kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mamlakatimizdagi sport majmualari moddiy-texnik bazasini zamonaviy sport anjomlari bilan mustahkamlash boʻyicha mazkur kompaniya bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Rejaga muvofiq, Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifi mamlakat poytaxti Pekin shahrida davom etmoqda.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda ommaviy jismoniy tarbiya Xitoyda davlat strategiyasi darajasiga koʻtarilgan. Bu yoʻnalishda Umumxalq jismoniy tarbiya kuni taʼsis etishdan boshlab Davlat Kengashi tomonidan aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning besh yillik rejasi rasmiy qabul qilingunigacha boʻlgan uzoq yoʻl bosib oʻtilgan. Xitoyda har uchinchi kishi sport bilan shugʻullanadi, har beshinchi odam stol tennisi va badminton oʻynaydi. Xitoyda iqtisodiyotning bir tarmogʻi sifatida qaraladigan Jismoniy tarbiya va sportning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000-yilda 10 mlrd. AQSH dollari yoki 1 foizni tashkil etgan boʻlsa, tahlillarga koʻra 2020-yilga kelib bu koʻrsatkich 1,5 foizgacha oshadi.

Поделиться