O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq sohasidagi oʻzgarishlar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama etildi
2019-02-27 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 26-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro ekspertlar ishtirokida soliq sohasidagi islohotlarning dastlabki natijalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi:
Radjul Avasti – Jahon bankining davlat sektori masalalari boʻyicha taniqli eksperti, katta maslahatchi;
Raul Feliks Janker-Varela – Jahon bankining davlat sektori masalalari boʻyicha yetakchi mutaxassisi;
Shuningdek, xalqaro konsultant Shatalov Sergey Dmitriyevich;
Musayev Behzod Anvarovich – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi;
Mirzayev Mubin Muhitdinovich – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari;
Sultanov Dilshod Shuhratovich – Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining oʻrinbosari.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining dastlabki natijalari sarhisob qilindi.
Soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda 50 dan ortiq tadbirkorlar – yirik soliq toʻlovchilar ishtirok etdi va ular tomonidan yoʻllangan 100 dan ortiq savollarga javoblar berildi.
Qayd etilganidek, 2018-yilda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni 7 mingga yaqin boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 35 mingtaga yetib, 5,2 baravarga oshgan.
Xuddi shunday, suv soligʻi toʻlovchilari soni 3,4 mingtadan 49,3 mingtaga yoki 14,3 baravarga ortdi.
Mol-mulk soligʻi toʻlovchilari soni 9,3 mingtadan 63 mingtaga yoki 6,8 baravarga hamda yer soligʻi toʻlovchilari soni 12,9 mingtadan 72,8 mingtaga yoki 5,6 baravarga oʻsdi.
Xalqaro ekspertlar tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitini yaratish uchun iqtisodiyotda yashirin savdo aylanmalarini aniqlash, biznesning boʻlinishiga qarshi kurashish va kelgusida oldini olish yuzasidan jahon tajribasida sinovdan oʻtgan mexanizmlar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari hamda tavsiyalarini bildirdi.
Jumladan, Radjul Avasti koʻplab mamlakatlarda iqtisodiy va soliq islohotlarida ishtirok etgan mutaxassis sifatida bu boradagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi va Oʻzbekistondagi soliq islohotlarining dastlabki natijalariga ijobiy baho berdi.