O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlari toʻgʻrisida
2019-02-27 | Siyosat
2019-yilning 26-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundida ishtirok etdi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari delegatsiyasiga AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi, Elchi Elis Uells rahbarlik qildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, baʼzi xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Maslahatlashuvlarning soʻnggi raundidan keyingi davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarilgani qayd etildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyidagi AQShga rasmiy tashrifi va uning muvaffaqiyatli yakunlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarda yangi sahifa ochdi.
Tashrif doirasida 4,8 milliard dollar qiymatidagi ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi va amalga oshirilishining boshlanishi, oʻtgan yilning kuzida “Oʻzbekistonda Amerika biznesi haftaligi” va boshqa qoʻshma tadbirlar oʻtkazilishi savdo-iqtisodiy, investitsion va texnologik imkoniyatlarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini tasdiqladi.
Shu kunning oʻzida “Siyosat”, “Xavfsizlik”, “Iqtisodiyot va savdo”, “Insoniy mezonlar” kichik guruhlarining majlislari boʻlib oʻtdi, ushbu tadbirlarda ikki tomonlama munosabatlarning aniq masalalari koʻrib chiqildi.