O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Ispaniya tashqi ishlar vazirliklari maslahatlashuvlari toʻgʻrisida
2019-02-26 | Siyosat
2019-yilning 26-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Ispaniya tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning oltinchi raundi boʻlib oʻtdi.
Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov va Ispaniya Qirolligi Tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik vazirligi davlat kotibi Fernando Valensuela Marzo rahbarlik qildilar.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha aniq choralar muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ispaniya Qiroli Fillip VI oʻrtasida 2017-yil 9-iyun kuni Ostonada boʻlib oʻtgan uchrashuv Oʻzbekiston-Ispaniya hamkorligiga muhim faollik bagʻishladi. Davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan konstruktiv va ishonchli muloqot oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Ispaniya kompaniyalarining iqtisodiyotning turli sohalarida, jumladan, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, kimyo, qurilish va farmatsevtika, mashina qurilishi, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, turizm kabi sohalarda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini Oʻzbekistonda yaratish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlandi. Iqtisodiyot va sanoat sohasida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisini 2019-yilda oʻtkazish hamkorlikni kengaytirish, hukumat darajasida ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
Ispaniyaning Yevropa Ittifoqidagi faol rolini inobatga olgan holda ikki tomonlama munosabatlarda “Oʻzbekiston-YI” shaklidagi hamkorlik muhim oʻrin tutadi. Ispaniya tomoni Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi Bitim boʻyicha muzokaralar boshlanishini, shuningdek, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatladi. Taʼkidlangandek, ushbu mavzular bugun Ispaniya delegatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston vazirlik va idoralaridagi muzokaralar chogʻida muhokama qilinadi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Maslahatlashuvlar yakunida ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida 2019-2020-yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.