Shu kunlarda Turkiya ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Delegatsiya tarkibida Turkiyaning energetika, qurilish, arxitektura, dizayn, transport-logistika, axborot texnologiyalari, turizm, kimyo sanoati kabi tarmoqlar boʻyicha yetakchi kompaniyalari vakillari bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Savdo-sanoat palatasi tomonidan Turkiya mustaqil sanoatchilari va ishbilarmonlari uyushmasi (MUSAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tashrif doirasida 25 fevral kuni ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Turkiya Ishbilarmonlar platformasi vitse-prezidenti Umer Karayel va boshqalar soʻzga chiqdi.
Bugungi kunga kelib Oʻzbekiston – Turkiya savdo aylanmasi 2 milliard dollarga yetdi va buni yanada oshirish boʻyicha ikki tomonda ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Shuningdek, oʻtgan yili mamlakatimizda Turkiyaning yana 250 dan ziyod kompaniyasi oʻz vakolatxonalarini ochdi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston uchun xalqaro moliya institutlari, xususan, Jahon bankining 3 milliard dollarlik, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 8 milliard dollarlik kredit liniyalari ochilgan. Ushbu resurslar turk biznes vakillari bilan hamkorlikni moliyalashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, qoʻshma loyihalar uchun grand mablagʻlari ham mavjud.
Tadbirda Turkiya biznes vakillari mamlakatimizda oʻrta va kichik biznesni rivojlantirishda faol hamkorlik qilishga taklif etildi.
– Mamlakatimizda YAIMning 60 foizi kichik va oʻrta biznes hissasiga toʻgʻri keladi, – dedi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov. – Turkiyada bu koʻrsatkich 89-92 foizga teng. Biz turk ishbilarmonlarini Oʻzbekiston iqtisodiyotida kichik va oʻrta biznes ulushini oshirishda hamkorlik qilishga chaqiramiz.
Davra suhbatida tomonlar turizm, energetika, yengil sanoat, kimyo sanoati, transport-logistika kabi sohalar boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi. Mehmonlar Oʻzbekistonda ziyorat turizmi salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.
– Oʻzbekistonga oʻzaro savdo aloqalarini kuchaytirish maqsadida keldik, – deydi Turkiya Ishbilarmonlar platformasi vitse-prezidenti Umer Karayel. – Biz mamlakatingizda qulay investitsiyaviy muhit yaratilganidan xabardormiz. Bu oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishda juda muhim. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Turkiya ishbilarmonlari Oʻzbekiston kelgusida Markaziy Osiyoning savdo-investitsiyaviy markaziga aylanishida oʻz koʻmagini ayamaydi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida “B2B” formatda uchrashuv tashkil etildi.
Malohat Husanova, OʻzA