O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoy va Tayvan kompaniyalari Namangan investitsiya kiritadi
2019-02-25 | Iqtisodiyot
Namangan viloyati hokimligida Xitoyning “Zhongye Wanda” kompaniyasi rahbari Fenju Jiang va Tayvanning “Kai Shing Trading Co Ltd” kompaniyasi rahbari Ten Syuekay bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Investorlarga Malayziya xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SMITA) katta maslahatchisi Tomas Su hamkorlik qildi.
Xorijlik ishbilarmonlar Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat mutasaddi tashkilotlari rahbarlariga oʻz invest loyihalarini taqdim etishdi.
“Zhongye Wanda” kompaniyasi Namangan shahrida mehmonxona kompleksi, biznes-apartamentlar, 20 qavatli ofis binosini oʻz ichiga olgan aqlli ekoshahar qurish loyihasini namoyish etdi. Umumiy qiymati 70 mln dollar boʻlgan bu loyiha 20 gektar maydonda barpo etilishi koʻzda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 3-yil ekani qayd etildi.
Tayvanning “Kai Shing Trading Co Ltd” kompaniyasi katta maydonda naslli tovuq boqish, uning goʻshtini qayta ishlash va tovuq essensiyasi ishlab chiqarishni oʻz ichiga olgan parrandachilik klasteri loyihasini taqdim etdi. 40 mln dollar bilan 4-yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha yakunida yiliga 20 mln bosh tovuq yetishtirib, uning goʻshtini qayta ishlash koʻzda tutilgan.
Har ikki loyiha viloyat hokimligi tomonidan ijobiy qabul qilindi va qurilish uchun er maydonlari koʻrsatildi. Yaqin kunlarda har ikki kompaniya bilan investitsion shartnoma imzolashga kelishib olindi.