O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekistonda ilk marotaba maktab oʻquvchilari uchun BMTning simulyatsion konferensiyasi tashkil etilmoqda

2019-02-25 | Jamiyat

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash, oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini oldini olishda “tengdosh-tengdoshga” tamoyilini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash tizimiga xalqaro tajribalarni tatbiq etish maqsadida umumtaʼlim maktab oʻquvchilari uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining simulyatsion “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish” mavzusida “Yosh delegat” konferensiyasi tashkil etilmoqda.

Konferensiya Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan joriy yilning 10-12 may kunlari yurtimiz umumtaʼlim maktablarida tahsil oluvchi yuqori (8-11) sinf oʻquvchilar uchun “GLOZ82 Huquqiy madaniyatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi boʻyicha Global dastur” homiyligida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC ROCA), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Konferensiyaning bosh maqsadi - Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy uchrashuvlari andozasida anjuman oʻtkazish. Konferensiya oʻquvchilarni diplomatik sohadagi yechimlar, qiyinchiliklar va eng yaxshi tajribalarni oʻrganishlari maqsadida birlashtiradi. Shuningdek, respublikaning intiluvchan va ijtimoiy faol yoshlarini bir maqsad sari yoʻnaltiradi. Konferensiya respublikamizning muayyan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi mavjud muammolariga yechimlar topish, hukumat ishlarida yoshlar rolini oshirish, ularning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash kabilarni oʻz ichiga oladi. Konferensiya mamlakatimizning barcha oʻquvchi-yoshlariga BMT faoliyati va uni ish yuritish tizimini tanishtirib, jamoat oldida nutq soʻzlash, muammolarni yechish, diplomatik muzokara olib borishni oʻrgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni berish orqali ularni davlatimiz rivojiga hissa qoʻshish, kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz darajasini yanada oshiradigan kadr hamda ijtimoiy masʼuliyatli fuqarolar boʻlib yetishish yoʻlida birlashtiradi.

Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy konferensiyalarini simulyatsiya qiladi va unda ishtirokchilar oʻzlari diplomatlar kabi BMTning rasmiy (asosan ingliz) tillarida faoliyat olib boradi. Konferensiyada asosan BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusi muhokama qilinadi.

Konferensiyadan bir oy avval ishtirokchi oʻquvchi-yoshlar uchun BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari masʼul xodimlari, tajribali murabbiylar tomonidan maʼruzalar, simulyatsion konferensiya qoidalari va ularga tayyorgarlik qilish boʻyicha masofaviy trening hamda mahorat darslari tashkil etiladi. Mazkur jarayonda ishtirokchilar ixtiyoriy ravishda BMTga aʼzo boʻlgan biror bir davlatning delegati sifatida faoliyat yuritishi belgilanadi. Yosh delegatlar oʻzi uchun belgilangan davlatni bir oy davomida har tomonlama mukammal oʻrganishi, “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusini “oʻzining davlati” tajribasi asosida tadqiq va tahlil qilishi hamda buni yoritishga tayyorgarlik koʻrishi, bu boʻyicha mamlakat pozitsiya xatini (yaʼni qoʻmitada muhokama qilinadigan mavzular boʻyicha mamlakat siyosatini batafsil bayon etuvchi bayonnoma) yozishi lozim.

Konferensiyada ishtirok etish uchun yuqori (8-11) sinf boʻlgan, oʻquvchi-yoshlar nomzod ishtirokchi anketasini toʻldirib, 2019 yilning 10 martiga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarida tuziladigan tanlov komissiyasiga topshirishlari kerak.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari tanlov komissiyalari hududidan 2019 yilning 25 martiga qadar 10 nafar eng munosib nomzodlarni anketa va suhbat asosida saralab, Xalq taʼlimi vazirligidagi Respublika tanlov komissiyasiga topshirishlari kerak boʻladi.

Ishtirokchilar quyidagi mezonlar asosida 10 ballik shkalada baholanib saralanadi:

- tillarni bilish darajasi (ingliz tilni muloqot darajasida bilishi shart);

- BMT haqidagi tushunchalarga ega boʻlish va global fikrlashi;

- anketadagi savollarga bergan aniq, asosli va teran javoblari;

- erishgan yutuqlari va intiluvchanligi;

- zamonaviy liderlik va kommunikativ koʻnikmalari;

2019 yilning 30 martiga qadar Xalq taʼlimi vazirligidagi Respublika tanlov komissiyasi har bir hududdan 5 nafardan jami 70 nafar eng munosib nomzodlarni anketa va suhbat asosida saralab konferensiya ishtirokchilari nomini eʼlon qiladi.

Поделиться