O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo mamlakatlari universitetlari ishtirokida taʼlim forumi oʻtkazildi
2019-02-25 | Ta’lim
Oʻzbekistonda birinchi marta Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo mamlakatlarining 50 dan ortiq universitetlari ishtirokida taʼlim forumi oʻtkazildi. Tadbirda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlarning xorijda taʼlimni targʻib qiluvchi milliy agentliklari hamda oʻndan ortiq mamlakatlarning yetakchi universitetlari vakillari ishtirok etishmoqda.
BeginGroup bosh direktori Olga Gozmanning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston universitetlari yaxshi salohiyatga ega. Mamlakat dinamik rivojlanayotgan, siyosiy barqaror iqtisodiyot hamda yosh xalqaro taʼlim xabi sifatida xorijiy talabalarda tobora koʻproq qiziqish uygʻotmoqda.
Forum doirasida Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Malayziya, Estoniya, Latviya, Germaniya, Shveysariya, Polsha, Turkiya, Chexiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya oliy taʼlim muassasalari oliy va qoʻshimcha taʼlim dasturlari, hamkorlikdagi taʼlim dasturlari, amaliyot va malaka oshirish dasturlarini taqdim etishdi.
Shuningdek turli mamlakatlar OTMlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining global oliy taʼlim bozoriga chiqishi, respublika universitetlari targʻiboti kabi masalalar koʻrib chiqildi.
“Mazkur forumda ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz. Bugun juda koʻp talabalar yonimga kelib, Germaniyada taʼlim olish va ilm-fan yoʻnalishida hamkorlik imkoniyatlariga qiziqish bildirishdi. Oʻzbekistonga bajonidil yana kelamiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaymiz“, - dedi StudyinGermany vakili janob Saymon Krechmar.