O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Elchisi Chexiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2019-02-25 | Siyosat
2019-yilning 21-fevral kuni Praga shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Chexiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nabijon Kasimov (qarorgohi Berlin shahrida) Chexiya Respublikasi Prezidenti Milosh Zemanga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosim doirasida boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Chexiya rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni, davlatimiz rahbariyatining mamlakat ichi va xalqaro maydonda olib borayotgan ochiqlik siyosatini qoʻllab-quvvatladi.
Chexiya Respublikasi Prezidenti Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda yaqin qoʻshnichilik munosabatlari va hamkorlikni mustahkamlash hamda ushbu jarayonga qoʻshni Afgʻonistonni jalb qilishdagi rolini alohida qayd etar ekan, bu esa mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilishiga taʼkidladi.
Prezident Milosh Zeman Chexiya tomonining Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdorligi, shuningdek, mamlakatimizda islohotlar jarayoniga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini qayd etdi.
Chexiya Prezidenti Oʻzbekiston tomonining ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarda boshqa sohalarda ham hamkorlikni ragʻbatlantiruvchi iqtisodiy diplomatiyani faollashtirishga boʻlgan harakatini qoʻllab-quvvatladi.