Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni oʻtash tartibini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirilish davrida chaqiruv yoshidagi fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki:
2019 yildan boshlab chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi;
muddatli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega boʻlmagan, joriy yil chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinadi.
2. 2018 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari 2019 yilning mart-aprel oylarida rezervga boʻshatilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 22 fevral