O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2019 yil Davlat dasturi ijrosi masalalari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida muhokama qilinmoqda
2019-02-22 | Siyosat
2019 yilning 19-20 fevral kunlari 2019 yildagi Davlat dasturida belgilangan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya hamda Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan bir qator mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda xalq deputatlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat Kengashlarida 2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etildi.
Anjumanlarda xalq deputatlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat Kengashlari deputatlari, viloyat hokimligi, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, 2019 yilgi Davlat dasturida mamlakat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulkchilikning ustuvor ahamiyatiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish va shu asosda xalq farovonligini yanada yuksaltirish, ijtimoiy sohani taraqqiy ettirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Tadbirlarda qator mutasaddi vazirlik va idoralarning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan hisobotlari eshitildi.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ma’ruzasida ta’kidlanganidek, joriy yilda Surxondaryo viloyatida tibbiyot muassasalariga doir 18 ta ob'yektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi, ushbu maqsadlarga 46,1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Qashqadaryo viloyatida esa 15 ta shunday ob'yektda 51 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajariladi. Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati uchun Surxondaryo viloyatiga jami 7 ta, Qashqadaryo viloyatiga esa 15 ta zamonaviy maxsus tibbiy transport vositasi ajratilishi belgilangan. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik negizini mustahkamlash borasidagi bu kabi choralar hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga, pirovardida odamlar salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yanada kengaytirish, bu yo‘nalishda tadbirkorlarga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.
Anjumanlarda yana bir jihatga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2019 yildagi kapital qo‘yilmalarning asosiy parametrlariga urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, hujjatda mamlakatimizning har bir hududida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar va loyihalar aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham ko‘plab loyihalar ro‘yobga chiqariladi. “BIO AGRO” MChJ korxonasida biomahsulotlarni yetishtirish, “Surxon KSP Grand” MChJ qo‘shma korxonasida qamish asosida qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “G‘uzor Tekstil ipeks” MChJda to‘qimachilik matosi tayyorlash, yog‘-moy korxonalarini modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni kiritish, viloyatlardagi bir qator ijtimoiy muassasalarning yangi binolarini qurish va jihozlash hamda boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidan. Ushbu barcha rejalarning amalga oshishi uchun avvalo ta’sirchan jamoatchilik nazoratini, xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari tomonidan olib borilayotgan ishlar monitoringini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy Kengashlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Shuningdek, seminarlarda ijtimoiy soha bo‘yicha belgilangan boshqa vazifalar, shu jumladan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish haqida batafsil so‘z yuritildi.
Anjumanlarda ushbu yo‘nalishda xalq deputatlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat Kengashlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.