O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbek shifokorlari Germaniyada eng murakkab amaliyotlarni oʻtkazmoqda
2019-02-22 | Sog‘liqni saqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “Oʻzbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish” loyihasi doirasida Germaniyada boʻlib turibdi.
Qayd etish joizki, ushbu davlat bilan tibbiyot sohasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng soʻnggi texnologiya va jihozlar bilan taʼminlangan, zamonaviy klinika bunyod etish hamda Germaniyaning nufuzli Mangeym universiteti klinikasi bilan oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan poytaxtimizdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida koʻp tarmoqli klinika bunyod etish yuzasidan kelishuv imzolandi. Loyihaga 100 million yevro miqdoridagi investitsiya jalb etiladi. Quvonarlisi, keyinchalik viloyatlarda ham nemis texnologiyasi asosida ishlaydigan shunday koʻp tarmoqli klinikalar ochilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasining mazkur tashrifi ham rivojlanib borayotgan hamkorlik samarasidir. Delegatsiya aʼzolari Germaniyaning Gamburg shahridagi Albertiniy klinikasi shifokorlari bilan hamkorlikda xirurgiya, urologiya, ginekologiya va onkologiya yoʻnalishlarida robotlashtirilgan texnologiyalar yordamidagi murakkab amaliyotlarda faol ishtirok etdi. Bundan tashqari, mahorat darslarida qatnashib, robotlashtirilgan texnologiyalarda ishlash koʻnikmalarini ham hosil qilmoqda.
Shuningdek, tibbiyot sohasida zamonaviy uskuna va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi “Philips”, “Dräger”, “Heinemann”, “Weinmann”, “Fresenius”, “Siemens” kabi kompaniyalarda boʻlib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, mamlakatimizda qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologiyalarga xizmat koʻrsatish shoxobchalarini ochish va faoliyatini kengaytirish borasida muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Chunonchi, “Dräger” kompaniyasi bemorlarni sunʼiy nafas oldirish apparatlari hamda bemor holatini monitoring qilish moslamalari bilan dunyoga mashhur. Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar mamlakatimizning olis hududlaridagi qishloq vrachlik punktlarida ham mavjud. Shu bois ushbu kompaniyalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazib, yurtimizda oʻquv xonalarini ochish va kengaytirish, mutaxassislarimizning zamonaviy texnologiyalarda ishlash hamda servis xizmatlarini koʻrsatish koʻnikmalarini oshirish borasida kelishuvlarga erishilmoqda. Muhimi, oʻz malakasini oshirgan mutaxassislarimiz yurtimizning olis hududlaridagi shifokorlarning ham malakasini oshirish yuzasidan treninglar oʻtkazishi mumkin boʻladi.