O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Bolalik kunlarimda“ loyihasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi
2019-02-22 | Madaniyat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.Ushbu loyiha Agentlik tashabbusi bilan Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyihadan maqsad – oʻzbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali xalq ogʻzaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazish. Loyihaga professional muharrirlar, ruhshunoslar, ovoz rejissyorlari, professional aktyorlar jalb etilgan boʻlib, u audiospektakl shaklida yaratilgan. Audioertaklar rus va oʻzbek tillarida taqdim etilmoqda.
“Ertaklar bolalar uchun nafaqat qiziqarli voqealar bayoni, balki ular tarbiyasida samarali pedagogik vosita hamdir. Shuning uchun ham audio ertaklarni taʼlim jarayoniga integratsiyalash, ulardan oʻqitishda rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda” –dedi MTV bosh boshqarmasi boshligʻi Yelena Ten.
Ushbu hamkorlikning yana bir mevasi, bu ayni kunda poyoniga yetayotgan “Milliy personajlar obrazini yaratish boʻyicha tanlov” boʻlib, ushbu tanlovga bugungi kunga qadar 1000dan ortiq ishlar qabul qilindi.
“Biz bugun taqdim etayotgan loyiha, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning dastlabkisi va uni yana bir necha yoʻnalishda davom ettirish rejalashtirilgan. Ishimizga beriladigan baho, mutaxassislar fikri ,takliflarini koʻrib chiqish va qabul qilishga har vaqt tayyormiz” – dedi oʻz chiqishida Agentlik rahbari Komil Allamjonov.
Ayni vaqtda loyiha taʼsischilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga oʻzbek va rus tillarida beshta ertak yuklangan. Ertaklar yuklangan disklar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi doʻkonlarda sotuvga chiqariladi.