O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Olimpiyachilarimiz Ispaniya yigʻinida gʻalaba qozonishdi
2019-02-22 | Sport
Shu kunlarda Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazmoqda.
Kecha olimpiyachilarimiz Ispaniya yigʻini doirasida ikkinchi nazorat oʻyinida maydonga tushdi. Gruziyaning “Lokomotiv” (Tbilisi) klubiga qarshi kechgan oʻyinda Lyubinko Drulovich shogirdlari 3:2 hisobida gʻalaba qozonishdi. Terma jamoamiz tarkibida Bobur Abduxoliqov dublga erishgan boʻlsa, yana bir golga Oston Oʻrunov mualliflik qildi.
Taʼkidlash joiz, Shveysariyaning “Delemon” klubiga qarshi kechgan dastlabki nazorat uchrashuvida olimpiyachilarimiz 2:2 hisobida jangovar durangga erishgandi.
“Lokomotiv” (Tbilisi) jamoasiga qarshi oʻyinda vakillarimiz quyidagi tarkibda maydonga tushdi:
Oʻzbekiston OTJ: Umid Ergashev, Dilshod Saidov, Islom Qobilov, Husniddin Gʻofurov, Ilhom Alijonov, Oybek Rustamov, Oston Oʻrunov, Aziz Amonov, Nurillo Toʻxtasinov, Bobur Abduxoliqov, Mirjahon Mirhamidov.
Zaxiradan tushganlar: Abdulla Abdullayev, Islom Rashidxonov, Sanjar Qodirqulov, Suhrob Nurulloyev, Abror Ismoilov.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida kelgusi yil Tailandda oʻtkaziladigan Osiyo chempionatiga saralash bahslarida qatnashadi. Saralash bahslari Toshkentda oʻtkazilib, unda vakillarimiz Osiyo chempionati yoʻllanmasi uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.