O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri Shvetsiya elchisi bilan uchrashdi
2019-02-22 | Siyosat
2019-yil 20-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov rezidensiyasi Stokgolmda boʻlgan Shvetsiya qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman bilan uchrashdi.
Unda tomonlar qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb etish, yuridik va davlat xizmatlarini koʻrsatish (notariat) hamda mediatsiya va arbitraj orqali nizolarni hal etish, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohalari boʻyicha hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilishdi. Ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatlardagi munosabatlarning amaliy jihatlari boʻyicha konstruktiv fikr almashildi.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jamiyat hayotining barcha sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi. Shvetsiya elchisi Toshkentda 19-20-fevral kunlari Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamda mintaqa davlatlarining yetakchi tahliliy muassasalari hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiyadagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar oʻzaro manfaatlarni ifodalovchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishdi va munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida R. Davletov Shvetsiyalik hamkasblarini “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumida qatnashish uchun taklif etdi.
Maʼlumot uchun: I.Tersman Oʻzbekiston va Shvetsiya kompaniyalari oʻrtasidagi savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyish, shved kompaniyalarining Oʻzbekistonda biznesni yuritish boʻyicha taqdimoti, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini hal etishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston-Shvetsiya biznes forumida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi.