O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Butunjahon taekvondoni targʻib qilish fondi mutasaddilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2019-02-21 | Sport
20-fevral kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Butunjahon taekvondoni targʻib qilish fondi rahbari Sang Vuk Li boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Qosimov, vazirlikning tegishli boshqarmalari boshliqlari, Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi bosh kotibi Ulugʻbek Asqarov, vitse-prezidenti Humoyun Ibragimov hamda assotsiatsiyaning boshqa mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbirda taekvondoni yurtimizda yanada ommalashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, sportchilarimizni nufuzli musobaqalarga tayyorlash boʻyicha hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama qilindi.
Oybek Qosimov delegatsiya aʼzolariga soʻnggi yillarda yurtimizda taekvondoni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu sport turi boʻyicha mavjud seksiyalar va vakillarimiz qoʻlga kiritayotgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
“Siz bilan yurtimizda koʻrishib turganimizdan xursandman. Xush kelibsiz. Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunda taekvondo bilan ham oʻn besh ming nafardan ortiq yoshlar muntazam shugʻullanishmoqda. Respublikamizdagi mavjud sport taʼlim muassasalarining aksariyatida taekvondo seksiyalari faoliyat koʻrsatmoqda.Ushbu seksiyalar sonini koʻpaytirish, ularning moddiy-texnik bazani mustahkamlash, oʻquv uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash hamda sportchilarimizning nufuzli musobaqalarga tayyorlash boʻyicha fond bilan hamkorlik qilish biz uchun juda manfaatli boʻlar edi.” – dedi Oybek Qosimov.
Fond rahbari Sang Vuk Li ham yurtimizda taekvondoga qaratilayotgan eʼtibor mamnun ekanligini aytib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Shuningdek, fond rahbari Koreyaning Muchju provinsiyasidagi taekvondo parkidagi tashkil etiladigan musobaqalar va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga sportchilarimiz taklif etilishi hamda fond tomonidan yurtimizda taekvondoni ommalashtirishga yordam koʻrsatilishini maʼlum qildi.