Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha moliya, raqobatdoshlik va innovatsiyalar boʻyicha Global amaliyot direktori Alfonso Garsiya Mora boshchiligidagi Jahon bankining delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Maʼlumot uchun: missiyaning maqsadi – “Institutsional salohiyatni oshirishda texnik yordam” kreditini va yangi innovatsion kreditni tayyorlash boʻyicha Jahon banki guruhining joriy va rejalashtirilgan ishlarini muhokama qilishdir.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksini, bank sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, mavjud huquqiy tartibga solish mexanizmlari va bozor iqtisodiyoti talablari oʻrtasidagi mos kelmaslik – bozor iqtisodiyoti prinsiplarini toʻliq amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillardan biridir. Investorlarning qarorlariga qonunlar va huquqni qoʻllash amaliyoti bevosita taʼsir qiladi. Oʻzbekistonda bu yoʻnalishda koʻplab ishlar amalga oshirilib, oʻzgarishlar davom etmoqda.
Uchrashuv davomida 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar Strategiyasida fuqarolik qonunchiligini isloh qilish nazarda tutilganligi taʼkidlandi. Eng avvalo, bu – iqtisodiyotni erkinlashtirish, davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning ustuvor rolini oshirish va huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va teng sharoitlarni yaratish, investitsion muhitni yaxshilashdir.
R.Davletov mehmonlarga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va vazirlikning faoliyati, xususan, qonunchilik bazasini mustahkamlash va aholiga huquqiy xizmat koʻrsatish muassasalarini rivojlantirish boʻyicha tizimli va izchil chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Vazirlikka dalat boshqaruvi samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllashni oʻrganish boʻyicha yangi vazifalar topshirildi.
Alfonso Garsiya Mora Adliya vazirligining faoliyati bilan yaxshiroq tanishish imkoniyati va qabul qilish uchun minnatdorchiliklarini izhor etdi.
U mamlakatda qonun ustuvorligi, adolat va inson huquqlarini himoya qilish sohasida ijobiy oʻzgarishlar va islohotlarni taʼkidladi.
Uchrashuvdan soʻng, maqbul boʻladigan va xayrixohlik muhitida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish haqida kelishib oldilar.