O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2019-02-19 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
 
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5552-son farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida 444 ta boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarilib, shundan 310 ta obyekt 172 milliard soʻm investitsiya kiritish hamda 3 536 ta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan 11,2 milliard soʻmga sotilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5552-son farmonida belgilangan davlat mulki obyektlarini sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment oʻtkazish muddatini 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish haqidagi taklifi maʼqullansin.
 
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga oʻtkazilsin va u mazkur Markazning taʼsischisi sifatida belgilansin.
 
4. Belgilab qoʻyilsinki:
 
davlat mulki obyektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish boʻyicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi;
 
2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish boʻyicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi;
 
davlat koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish uchun elektron savdolarga chiqarishda ular boʻyicha ijara toʻlovining eng kam stavkasi obyektni balansda saqlovchilar tomonidan ijaraga berish maqsadida koʻrsatilgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda koʻrsatiladi;
 
“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha qoʻyilgan davlat koʻchmas mulk obyektlari ular toʻliq sotilmagunga qadar savdolardan olinmaydi.
 
5. Quyidagilar:
 
“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan sotiladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
 
belgilangan tartibda sotilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
 
kelgusida samarali foydalanish uchun davlat organlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
 
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat tender komissiyasi) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda:
 
mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlarning kadastr hujjatlari tayyorlanishini hamda ularga boʻlgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
 
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning 3-ilovasida koʻrsatilgan davlat mulki obyektlarini qabul qilish-topshirish ishlarini, shuningdek, ulardan kelgusida samarali foydalanilishini taʼminlasin.
 
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:
 
a) 2019 yil 1 martdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unda agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoxud Davlat tender komissiyasining qarorlari bilan boshqacha tartib oʻrnatilmagan boʻlsa, davlat koʻchmas mulk obyektlari va davlat ulushlari uchun sotib olish toʻlovlarini toʻlashda, savdolar oʻtkazilgan sanadagi belgilangan eng kam ish haqi (keyingi oʻrinda – EKIH) baravari miqdorida hisoblanadigan sotib olish toʻlovlari miqdoridan kelib chiqqan holda, sotib olish toʻlovlarini toʻlashning quyidagicha belgilangan muddatlarini joriy etish:
 
EKIHning 3 000 baravarigacha – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda;
 
EKIHning 3 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 7 000 baravaridan koʻp boʻlmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda;
 
EKIHning 7 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 15 000 baravaridan koʻp boʻlmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yildan koʻp boʻlmagan muddatda;
 
EKIHning 15 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 20 000 baravaridan koʻp boʻlmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ikki yildan koʻp boʻlmagan muddatda;
 
EKIHning 20 000 baravaridan yuqori boʻlganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch yildan koʻp boʻlmagan muddatda;
 
b) “Kvars” AJ ustav kapitalidagi 20 foiz davlat aksiyalari paketini bosqichma-bosqich fond birjasida ikkilamchi SPO oʻtkazish orqali, dastlab 2019 yilning iyun oyida aksiyalar paketining 5 foizini sotuvga chiqargan holda savdoga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
 
8. Davlat tender komissiyasiga, istisno tariqasida, xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini oldi-sotdi shartnomalarini qimmatli qogʻozlar savdolari tashkilotchilarining savdo maydonchalaridan tashqarisida roʻyxatdan oʻtkazgan holda tanlov oʻtkazish va toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish orqali sotishga ruxsat berilsin.
 
9. Belgilab qoʻyilsinki:
 
1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotilgan davlat mulk obyektlariga doir investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish xaridor tomonidan oʻz zimmasiga olingan mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarishning boshlanishi va yangi ish oʻrinlari yaratilishini nazarda tutuvchi majburiyatlar bajarilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
 
erkin ayirboshlanadigan valyutada sotish uchun savdoga chiqarilgan va savdoda turgan davlat aksiyalari paketlari savdolardan olinishi, ularning milliy valyutadagi qiymati aniqlangan holda qayta baholanishi va milliy valyutada takroriy savdolarga chiqarilishi lozim;
 
xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari qonunchilikda nazarda tutilgan toʻlov muddatlarini uzaytirish va chegirmalar taqdim etish mexanizmlari qoʻllanilmagan holda sotiladi;
 
vakolatli davlat organlari qarorlari boʻyicha sotilgan davlat mulki obyektlarining oldi-sotdi shartnomalarini majburiy ravishda notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
 
10. “Nol” xarid qiymatida sotishda, shu jumladan, avval sotilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha investitsiya majburiyatlari bajarilgan deb qabul qilingan paytdan boshlab bir yil davomida yangi ish oʻrinlarini saqlab qolish tartibi bekor qilinsin.
 
11. Quyidagilar:
 
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktoriga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tegishli murojaati kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda kelishilishini taʼminlagan holda, Moliya vazirligi va yuqori turuvchi manfaatdor davlat organlari roziligiga muvofiq, idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar, davlat koʻchmas mulk obyektlarini (xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno) bir davlat tashkiloti tasarrufidan boshqa bir davlat tashkiloti tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
 
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlariga tegishli tuman (shahar) hokimining murojaatidan soʻng ikki oy muddatda balansda saqlovchilar tomonidan ularning tasarrufidagi hududda joylashgan, belgilangan tartibda respublika davlat boshqaruvi organlariga biriktirilgan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno) ijaraga berish taʼminlanmagan taqdirda, ushbu obyektlarni tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun bir yilgacha boʻlgan muddatga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda balansda saqlovchilar uchun ajratmalarni tegishli mahalliy byudjetga yoʻnaltirgan holda ijaraga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqi berilsin.
 
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotiladigan davlat mulki obyektlari toʻgʻrisida tadbirkorlar va aholini doimiy ravishda keng xabardor qilsin.
 
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
 
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
 
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                        Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri, 2019 yil 19 fevral
 
 

Поделиться