O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Finlyandiya taʼlim sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2019-02-20 | Ta’lim
Joriy yilning 18-fevral kuni Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sarvar Boboxoʻjayev Finlyandiya delegatsiyasini qabul qildi. Mazkur delegatsiya tarkibiga global taʼlim xizmatlari menejeri Heykki Pusa boshchiligida Yuvyaskyulya JAMK amaliy fanlar Universiteti vakillari kiritilgan. Uchrashuvda Finlyandiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor Elchisi Mariya Liivala ham ishtirok etdi.
Uchrashuv jarayonida Sarvar Boboxoʻjayev Xalq taʼlimi vazirligi taʼlim sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri Finlyandiya bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini, shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini taʼkidlab oʻtdi. Jumladan, Finlyandiyaning tajribasi orqali, fin maktab taʼlimi asosida oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, oʻquv rejalari hamda metodologiyalarini yaratish boʻyicha manfaatdor ekanligini bildirdi.
Bundan tashqari, yangi oʻquv yilidan yurtimizda iqtidorli yoshlar uchun ixtisoslashgan Prezident maktablarining ochilishi haqida maʼlumot berib oʻtdi. JAMK universiteti tajribasini hisobga olgan holda oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, bolalarni maktabga qabul qilish hamda isteʼdodli oʻquvchilarga taʼlim berish tizimini yaratish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklifini berdi.
Oʻz navbatida, Xeykki Pusa JAMK universitetining faoliyati toʻg'risida, xususan, Qozogʻistondagi taʼlim muassasalarining tajribasi haqida gapirdi. Shuningdek, Nazarboyev maktablariga ham JAMK Universiteti tomonidan konsultativ yordam ko'rsatilganligini taʼkidladi. Mazkur universitet oʻqituvchi hamda maktab rahbarlarini tayyorlashini ham aytib oʻtdi.
Muzokaralar chogʻida yurtimiz vakillari tomonidan fin mutaxassislariga Oʻzbekistonda pedagogika universitetini tashkil etish va xalq taʼlimi tizimidagi xodimlarni qayta tayyorlash borasidagi hamkorlik imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklifi berildi.