O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maʼlumotnoma
2019-02-20 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand davlat universiteti huzuridagi falsafa sohasida Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash va Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi falsafa sohasida Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar hamkorlikda 2019-yil 30-mart soat 10.00 da Qoʻmita majlislar zalida “Inson, millat, til: taraqqiyot masalalari” mavzusida ilmiy-nazariy seminar oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Seminar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi Ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza boʻlimi boshligʻi, “Imom Buxoriy saboqlari” va “Oʻzbekiston” jurnallarining tahririyat aʼzosi, bir qator ilmiy kengashlar aʼzosi, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Xalqaro Turkiy Akademiyaning Vilgelm Tomsen medali sohibi, falsafa fanlari doktori, professor, Xalqaro Informatizatsiya Akademiyasi akademigi, Turon Akademiyasi akademigi Baxtiyor Raxmanovich Karimov tavalludining 70-yilligiga bagʻishlanadi.
Seminar ishining yoʻnalishlari: 1) Prof. B.R.Karimov ilmiy va pedagogik faoliyati haqida; 2) Global evolyutsionizm va ontologiya, gnoseologiya, mantiq, tabiatshunoslik falsafasi masalalari; 3) Ilmiy-maʼnaviy meros va falsafa tarixi masalalari; 4) Inson, mehnat va jamiyat falsafasi masalalari; 5) Etnologiya masalalari, millatning oykumenik konsepsiyasi; 6) Tilshunoslik masalalari, oʻrtalashtirilgan tillar, oʻrtajahon tili va oʻrtaturk tili konsepsiyalari.
Birinchi yoʻnalish boʻyicha maqola berganlar qoʻshimcha ravishda yana bir yoʻnalish boʻyicha maqola berishlari mumkin.
Seminar ishtirokchilarining maʼruza mavzulari va muallif haqida maʼlumotnoma (Familiyasi, Ismi, Otasining ismi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, ish joyi va lavozimi, telefon raqamlari, elektron adresi koʻrsatilgan holda) 20 martga qadar quyida koʻrsatilgan elektron adres orqali qabul qilinadi. Seminardan soʻng uning materiallari nashr qilinishi rejalashtirilmoqda. Maqola va tezislar hajmi 3-8 bet, kompyuterda terilgan shaklda qabul qilinadi (Times New Roman, 14 shrift, 1,5 intervalda, barcha hoshiyalar 2 sm., havolalar har betda pastda alohida nomerlanib 12 shriftda keltiriladi). Matnlar oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida 2019-yilning 30-apreliga qadar quyida koʻrsatilgan elektron adres orqali qabul qilinadi. Faylning nomi birinchi muallif familiyasining lotincha yozilishi bilan aynan boʻlishi soʻraladi. Mavzuning nomi katta harflar bilan qoraytirib, qatorning oʻrtasida yoziladi, keyingi qatorga maʼruzachining familiyasi va initsiallari, undan keyingi qatorga ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, undan ham keyingi qatorga uning ish joyi va lavozimi yoziladi. Agar mualliflar bir nechta boʻlsa keyingi mualliflar haqida maʼlumotlar xuddi birinchi muallif haqida berilgan maʼlumot kabi keyingi qatordan beriladi. Maʼruza matnidan soʻng yangi sahifadan boshlab muallif haqida maʼlumotnoma keltiriladi va u maqola hajmi hisobiga kiritilmaydi.
Ishtirok masalalari boʻyicha Mirzayeva Muxtabar Ortiqovna (tel: +99893 5655574; elektron adres: mirzaeva-52@mail.ru) bilan bogʻlanish mumkin. Matnlarni elektron pochta orqali joʻnatmaydiganlar M.O.Mirzayevaga matnlarining va muallif haqidagi maʼlumotnomasining elektron faylini va printerdan chiqarilgan nusxasini topshirishlari mumkin.