Germaniyada Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “Oʻzbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish” loyihasida ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida muhim voqealardan biri boʻldi. Tashrif chogʻida turli sohalarda kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston va Germaniya 8 milliard yevrodan ortiq boʻlgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani diqqatga sazovor. Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkamlanib borayotgani sogʻliqni saqlash sohasidagi aloqalarning izchil rivojlanishiga ham zamin yaratmoqda.
Maʼlumki, sifatli tibbiy xizmatlarga boʻlgan talabning ortib borayotganini hisobga olgan holda yurtimizda tibbiyotning zamonaviy, ilgʻor texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ammo yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar mavjudligiga qaramasdan, sohada malakali mutaxassislarning yetishmasligi koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois, tibbiyot uchun zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish bilan birgalikda, ularni samarali qoʻllay oladigan mutaxassislarni ham oʻz vaqtida tayyorlash muhim hisoblanadi.
Qayd etish joizki, Germaniyalik xalqaro hamkorlik jamiyati va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining qoʻshma loyihasi zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Oʻtgan davrda loyiha doirasida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida ishlayotgan 2500 dan ortiq tibbiyot va texnik mutaxassislar tayyorlandi.
19-fevral kuni Gamburgshahrida loyiha ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusida taqdimot oʻtkazdi. Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan “2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlangani hamda shu asosda mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish va moliyalashtirishning butunlay yangi tizimiga oʻtkazilayotganini taʼkidlashdi.
Shuningdek, taqdimotda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasiga yuqori texnologiyalarni sotib olish boʻyicha shartnomalarni tayyorlash yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz Germaniya tibbiyot modelini oʻrganish orqali Oʻzbekistonda sohani yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirishda ikki mamlakat mutaxassislari hamkorligini yanada jadallashtirish lozimligini taʼkidladilar.
27-fevralga qadar davom etadigan tashrif davomida delegatsiyamiz aʼzolari Germaniya sogʻliqni saqlash tizimida moliyalashtirish masalalari va boshqarish usullari, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni boshqarish tamoyillari bilan yaqindan tanishadilar. Bundan tashqari, mamlakatning yetakchi tibbiyot muassasalarini, tibbiy taʼlim va xizmat koʻrsatish sohasidagi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgan.