Oʻzbekistonlik mutaxassislar PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik boʻyicha Rossiyada malaka oshirmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari, Respublika taʼlim markazi hamda Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi mutaxassislaridan iborat 20 kishilik Oʻzbekiston delegatsiyasi taʼlim sifatini baholash yuzasidan PISA, PIRLS, TIMSS tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Rossiya tajribasini oʻrganish maqsadida Moskva shahrida seminar-treningda qatnashmoqda.
Jahon banki va Rossiya trening markazi bilan hamkorlikda “Taʼlim sifatini baholash tizimida xalqaro solishtirma tadqiqotlar - maktab taʼlimini takomillashtirish mexanizmi sifatida” mavzusida seminar-treninglar 2019 yil 18-22 fevral kunlari Moskva shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda taʼlim sifatini baholash va xalqaro tadqiqotlar sohasidagi yetuk mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar tomonidan maʼruzalar, davra suhbatlari tashkil etilishi belgilangan.
Mazkur seminarning birinchi kunida Rossiya trening markazining “Taʼlim sohasida menejment” fakulteti dekani Ye.A.Lenskaya, “Rossiya taʼlim akademiyasi taʼlimni rivojlantirish strategiyasi instituti” Taʼlim sifatini baholash markazi rahbari G.S.Kovaleva, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha Yevroosiyo assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya Taʼlim akademiyasi akademigi V.A.Bolotov hamda “Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universitetining taʼlim instituti xalqaro tahlil laboratoriyasi rahbari oʻrinbosari A.B.Zaxarovlar tomonidan mazmunli mashgʻulotlar olib borildi. Mashgʻulotlar davomidagi mavzular seminar-trening ishtirokchilari tomonidan qiziqish bilan tinglandi hamda savol-javoblar va muhokamalarga boy boʻldi.
Seminarda V.A.Bolotov “Global oʻzgarishlar davrida turli darajadagi taʼlim sifatini baholash tizimining rivojlanish tendensiyalari”, G.S.Kovaleva “Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro solishtirma tadqiqotlarda Rossiyaning ishtiroki”, Ye.A.Lenskaya “Yaxshi taʼlim tizimi qanday qilib oʻzining salohiyatini oshiradi”, A.B.Zaxarov “Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro solishtirma tadqiqotlar natijalarining kompleks tahlillari” mavzularida maʼruzalar qilindi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilgan gʻoyalar va fikrlar asosida, seminarning birinchi kuni yakunida barcha ishtirokchilar bilan birgalikda aqliy hujumlar tashkil qilinib, xulosa va takliflar berildi, xususan, oʻqituvchilarning salohiyatini oshirish hamda ularni yangicha xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish borasida ularning ruhini koʻtaradigan fikrlar, tavsiyalar berib borish, psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
oʻquvchilarga fanlarga oid bilimlarni berishda uning hayotda qoʻllay olish koʻnikmalarini rivojlantirishni inobatga olish, misol uchun, fizika fanida qonuniyatlar, tezlik va bosim oʻrtasidagi mutanosiblikning hayotda nima uchun kerak boʻlishini oʻrgatib, qiziqtirish;
matematika va tabiiy fanlarning oʻquv dasturlariga mantiqiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlarni kiritib borish;
xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik jarayonida malaka oshirish muassasalari oʻqituvchilarini oldindan tayyorlash, oʻquv dasturlariga xalqaro tadqiqotlarga oid mavzularni kiritish;
maktablar reytingini amalga oshirishda, shaharlar markazlaridagi salohiyatli maktablar bilan chekka va qishloq hududlaridagi maktablarni solishtirish emas, balki ularni toifalarga ajratishga alohida eʼtibor qaratilishi, bunda, maktablarning ixtisoslashuvi, joylashuvi va boshqa shunga oʻxshash omillarni hisobga olgan holda toifalarga ajratilishi;
xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda tayanch maktablarni faollashtirish va ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish;
Taʼlim sifatini baholash boʻyicha Yevroosiyo xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
oila va mahalla instituti konsepsiyasini takomillashtirish;
oliy taʼlim muassasalarida majburiy va tanlov fanlar tizimini joriy etilishiga eʼtibor qaratish, misol uchun, muhandislik yoʻnalishlarida, pedagogika fanini tanlov fani sifatida kiritilishi, keyinchalik oʻqituvchi boʻlishni xoxlagan talabalar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga zamin yaratiladi;
oʻqituvchilik faoliyatiga tayyorlanadigan maxsus pedagogik sinflarga ajratib oʻqitilishni joriy qilish;
oʻqituvchilarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishni kuchaytirish;
“Oʻqituvchi” ixtisosligini berish tartibini takomillashtirish;
oʻqituvchilik faoliyati uchun maktabdagi oʻqish davridan tayyorlab borish boshqalar.
Eslatib oʻtamiz, Moskva shahridagi seminar-treninglar 22 fevralga qadar davom etishi rejalashtirilgan boʻlib, ularda ishtirokchilar taʼlim sifatini oshirish va baholash tizimiga oid yanada sermazmun maʼlumotlarga ega boʻlishlari kutilmoqda.