Andijon shahridagi harbiy qismda umumtaʼlim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari va uyushmagan yoshlar uchun “Vatan himoyasi – muqaddas burch” shiori ostida ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.
Harbiy qism, Andijon viloyat mudofaa ishlari, xalq taʼlimi boshqarmalari, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy kasbga boʻlgan qiziqishini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini namoyish etish maqsadida oʻtkazilgan tadbirda oʻquvchilarga milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng maʼlumot berildi.
Tadbir doirasida oʻtkazilgan harbiy texnika va jangovar qurollar namoyishi hamda sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, yongʻin xavfsizligi boshqarmalari xodimlarining shartli terrorchilarni qurolsizlantirish, qoʻlga olish, yongʻinlarni bartaraf etish, favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam koʻrsatish, jangovar salohiyati borasidagi namoyishlarini yoshlar katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Harbiy qism askarlarining harbiy texnika va jangovar qurollardan foydalanish borasidagi koʻrgazmalari, yoshlar bilan muloqotlari yosh avlod vakillarining harbiy sohaga qiziqishini oshirishga, Vatanga muhabbatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yoshlar harbiy qismda askarlarning yashash sharoiti, harbiy tayyorgarlik oʻquv-mashgʻulotlari bilan tanishdi. Qurolli Kuchlar faxriylari esa yoshlarga oʻz hayot yoʻli, harbiy kasb masʼuliyati, mashaqqati, Vatan himoyasi muqaddas burch ekani haqida soʻzlab berdi.
– Ushbu tadbir orqali milliy armiyamiz, uning kuch-qudrati haqida koʻp maʼlumotga ega boʻldik, – deydi Andijon shahridagi 13- umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Muhammadaziz Madaminjonov. – Harbiylar hayoti, ular foydalanayotgan qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishar ekanman, kelajakda harbiy boʻlishga qiziqishim yanada ortdi.
Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA