O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublika ishchi guruhining Davlat dasturining bajarilishini taʼminlash boʻyicha istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan birinchi seminari Buxoroda oʻtkazildi
2019-02-18 | Jamiyat
Joriy yilning 15-fevral kuni viloyat hokimligining majlislar zalida davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-yildagi Davlat dasturining Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarida belgilangan bandlar hamda ularning bajarilishini taʼminlash boʻyicha istiqboldagi vazifalar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashida targʻibot-taqdimot seminari oʻtkazildi.
Unda 2019-yildagi Davlat Dasturida belgilangan topshiriqlarni oʻz vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlashda tizimli monitoring olib borish mexanizmlarini yanada kuchaytirish, aholi bandligi va real daromadlarni izchil oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish boʻyicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini taʼminlovchi yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda moderenizatsiya qilish, taʼlim va fan sohasini rivojlantirish hamda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalar haqida respublika va viloyat masʼullarining maʼruzalari tinglandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Zayniddin Nizomxadjayev, respublika vazirliklar vakillari, viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev, viloyatdan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, huquqni muhofaza qilish organlari, tegishli boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlarining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.