O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Savdo-sanoat palatasi yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan oʻtkazdi
2019-02-18 | Iqtisodiyot
Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar taʼsirini baholovchi vakolatli organdir.
Qonunchilikda belgilangan ushbu vakolatlarni samarali amalga oshirish maqsadida, Palata tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari oʻtkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 82 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan koʻrib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga salbiy taʼsirini inobatga olgan holda, 40 ga yaqin loyihalarga eʼtirozlarni oʻz ichiga olgan xulosalar berildi.
Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Import qilinadigan mahsulotlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha huquqbuzarliklarni oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 2-ilovasining 6-bandiga koʻra, Davlat bojxona qoʻmitasi har bir import qiluvchiga bojxona qonunchiligiga rioya qilinishi toʻgʻrisida ogohlantirish xabarnomasini yuborishi belgilangan.
Ammo, ogohlantirish xabarnomasi import qiluvchilarga har bir import operatsiyasi boʻyicha taqdim etilishi yoki faqat bir marotaba taqdim etilishi aniq koʻrsatilmagan. Bu esa, amaliyotda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, ogohlantirish xarabnomasi qanday holatlarda yuborilishini aniq nazarda tutish tavsiya etiladi.
2. Loyiha 2-ilovasining 10-bandi birinchi xatboshiga koʻra, “Kameral nazorat natijasiga koʻra import qilingan tovarlar miqdoriga nisbatan moliyaviy va soliq hisobotlaridagi tafovutlar hamda soliq va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, har bir import qiluvchi tomonidan import qilingan tovarlar summasi, realizatsiya hajmi hamda tovarlar qoldigʻini aks ettiruvchi Nazorat kartochkasi ochiladi”, - deb belgilangan.
Biroq, loyihada Nazorat kartochkasini ochish va uni bojxona organlariga yuborishdan koʻzlangan maqsad aniq aks ettirilmagan.
Shuningdek, Nazorat kartochkasi ochish va uni yuritishni nazarda tutish orqali ortiqcha hamda keraksiz boʻlgan qoʻshimcha maʼmuriy tartib-taomillar belgilangan.
Bu esa, amaliyotda mazkur normani turlicha talqin qilish, tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha maʼlumotlarni talab qilish va ularga nisbatan turli choralarni qoʻllash kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
3. Loyiha 2-ilovasining 13-bandiga koʻra, “Import qiluvchilar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida koʻrsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud maʼlumotlar oʻrtasida kelib chiqqan tafovutlarni oʻrganish va ularni bartaraf etish maqsadida Nazorat kartochkasi ochilgan import qiluvchilarning joyiga borgan holda oʻrganishni amalga oshirishga asos boʻladi”, - deb belgilangan.
Avvalo, mazkur norma aniq ifodalanmagan. Unda import qiluvchilarning joyiga borgan holda oʻrganishni amalga oshirish uchun nima asos boʻlishi aniq keltirilmagan.
Bundan tashqari, ushbu norma orqali kameral nazorat yakuni boʻyicha tadbirkorlik subyektida oʻrganish oʻtkazish nazarda tutilgan.
Vaholangki, soliq kodeksining 70-moddasiga koʻra, kameral nazorat soliq toʻlovchining huzuriga bormasdan amalga oshiriladi. Kameral nazoratning maqsadi soliq toʻlovchiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklarni mustaqil ravishda bartaraf etish huquqini berishdan iboratdir.
Agar soliq hisobotini toʻldirishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisobotida koʻrsatilgan va davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud maʼlumotlar oʻrtasida ziddiyatlar borligi kameral nazorat jarayonida davlat soliq xizmati organi tomonidan aniqlansa, bu haqda soliq toʻlovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabar qilinadi.
Koʻrinib turganidek, soliq kodeksida kameral nazorat natijasi boʻyicha oʻrganish oʻtkazilishi belgilanmagan.
Qolaversa, joyga borgan holda oʻrganishni amalga oshirilishida uning tekshirishlarga aylanib ketish ehtimoli yuqori.
4. Loyiha 2-ilovasining 16-bandiga koʻra, “Import qiluvchilar tomonidan import qilingan tovarlar keyinchalik sotilishi yoki oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sarflanganligi nazoratini olib borish maqsadida Nazorat kartochkasi yopilgunga qadar davlat soliq xizmati organlari xronometraj tadbirlarini amalga oshirib boradi”, - deb belgilangan.
Ammo, ushbu norma ham soliq kodeksi talablariga ziddir. Yaʼni, unda kameral nazorat natijalariga koʻra, davlat soliq xizmati organlari tomonidan xronometraj tadbirlari amalga oshirilishi belgilanmagan.
5. Loyiha 2-ilovasining 18-bandida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan import qiluvchilar boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlar asosida Davlat bojxona qoʻmitasining Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimidagi nohalol tabirkorlar roʻyxatiga kiritishi belgilangan.
Vaholanki, Davlat bojxona qoʻmitasining Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimining faoliyat koʻrsatish mexanizmi boʻyicha normativ-huquqiy hujjat hozirgi kunga qadar qabul qilinmaganligini inobatga olgan holda import qiluvchilar toʻgʻrisida soliq xizmati organlari maʼlumotlari asosida tadbirkorilik subyektlarini nohalol tadbirkorlar roʻyxatiga kiritish tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini buzilishiga olib keladi.
Bundan tashqari, Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimida roʻyxatlar nohalol tadbirkorlar boʻyicha emas, balki xavfning xavflilik darajasiga qarab, turlarga boʻlingan holda shakllantiriladi.
6. Loyiha 2-ilovasining 19-bandida oʻrganishlar natijasiga koʻra import qiluvchilar tomonidan tafovutlar bartaraf etilmagan va jinoyat alomatlari mavjud deb topilgan hollarda huquqiy malakalash uchun oʻrganish materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilishi belgilangan.
Vaholanki, oʻrganishlar natijasiga koʻra import qiluvchilar tomonidan tafovutlar bartaraf etilmagan taqdirda va qasddan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, u holatda davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuzaga kelgan soliq boʻyicha qarzdorlik sud tartibida undirib olinishi lozim.
Zero, soliq kodeksining 70-moddasiga koʻra, “Soliq toʻlovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi”, - deb belgilangan.
7. Loyiha 2-ilovasining 19-bandi ikkinchi xatboshiga koʻra, “Shuningdek, mazkur import qiluvchilar tomonidan respublika hududiga olib kirilgan tovarlar boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvini vaqtincha toʻxtatish yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasiga maʼlumot yuboriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, import qiluvchi tomonidan sodir etilganligi ehtimol tutilgan qonunbuzarlik uchun uning keyingi faoliyatini ham toʻxtatib turish koʻzda tutilgan.
Biroq, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasida “Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining oʻzga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas”, - deb belgilangan.
Shuningdek, loyiha 2-ilovasining 20, 21, 22-bandlarida ham yuqorida keltirilgan qonun normasi talablariga zid boʻlgan normalar belgilangan.
Bu esa, tadbirkorlik faoliyatining asossiz cheklanishi va bu orqali ushbu faoliyatga toʻsiq yaratilishiga olib keladi.
Shuningdek, faqat jinoyat alomatlari mavjud deb topilgan import operatsiyasi yoki import shartnomasi boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvini toʻxtatish qonuniy hisoblanadi. Boshqa holatlarda import qiluvchining tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvini toʻliq toʻxtatish amaldagi tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini buzilishiga olib keladi.
8. Loyiha 2-ilovasining 23-24-bandlarida import qiluvchilarning byudjet oldida qarzdorligi yuzaga kelgan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari belgilangan tartibda maʼmuriy undiruv choralarini amalga oshirishi, bunda yetarli mablagʻ boʻlmagan taqdirda, majburiy undiruvga qaratish yuzasidan davlat bojxona xizmati organlariga soʻrov yuborilishi hamda ushbu soʻrov asosida bojxona xizmati organi import qiluvchilarning shaxsiy gʻazna hisob varaqalarini mablagʻlar mavjudligi yuzasidan oʻrganishi va qarzdorlikni undirish uchun yetmagan qismini mavjud mablagʻlar hisobidan qoplashga yoʻnaltirishi belgilangan.
Ammo, yuqorida keltirilganidek, soliq toʻlovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.
Koʻrinib turganidek, loyihaning ushbu bandlarida belgilangan normalar amaldagi qonunchilik normalari talablariga ziddir.
9. Ushbu loyihada import qilinadigan mahsulotlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha huquqbuzarliklarni oldini olish sohasida ortiqcha va keraksiz boʻlgan, shuningdek amaldagi qonunchilik talablariga zid maʼmuriy tartib-taomillarni belgilash, tadbirkorlik faoliyatida toʻsiqlarni keltirib chiqaruvchi asossiz cheklovlar nazarda tutilgan.
Bu esa, mamlakatda olib borilayotgan tadbirkorlik faoliyatining toʻsqinliksiz amalga oshirilishini taʼminlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarga ziddir.
Shu bilan birga, bunday mezonlarning belgilanishi tadbirkorlik sohasidagi mavjud imkoniyatlardan ham samarali foydalanishda toʻsiq boʻladi.
Shu bois, loyihani qayta koʻrib chiqish va uni amaldagi qonunchilik normalariga moslashtirish tavsiya etiladi.
Palata tomonidan bildirilgan barcha eʼtirozlar inobatga olinib, loyihaga tegishli oʻzgartirish va tuzatishlar kiritildi hamda loyiha belgilangan tartibda kelishildi.