O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan dasturi boʻlib oʻtadi
2019-02-18 | Texnologiyalar
Mamlakatimizda joriy yilning mart oyi boshida qizlarning har tomonlama salohiyatini oshirish va ularni texnologiya sohasiga jalb etish maqsadida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan taʼlim dasturi oʻtkaziladi.
DigiGirlz – Microsoft kompaniyasining loyihasi boʻlib, taʼlim, fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasidagi investitsiya dasturi hisoblanadi. Mazkur dastur yosh qizlarga texnologiya sohasini hamda yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, dastur xodimlarni iqtisodiyotning global muammolariga tayyorlash uchun moʻljallangan.
Taʼkidlash joizki, dastur Oʻzbekistonda ilk marotaba 2018 yilda oʻtkazilgan edi. Joriy yilda ham Toshkentdagi Inha universiteti ishtirokchilarni 2-, 3- va 6-mart kunlari qabul qiladi. Dasturda Microsoft kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke Den Oudenning ishtirok etishi va loyiha ishtirokchilari bilan oʻz tajribasi haqida oʻrtoqlashishi kutilmoqda.
Taʼlim dasturi ikki qismdan iborat. Birinchi qismda ishtirokchilar Microsoft kompaniyasi vakillari hamda mutaxassislarining texnologiya sohasida ayollar noanʼanaviy tarzda erishgan yutuqlari borasidagi maʼruzalarini tinglaydi. Ushbu maʼruzalar qatnashchilarga bu sohadan nimalar kutishini va qanday ishlarni amalga oshirishligi mumkinligini tushunishga imkon beradi.
Dasturning ikkinchi qismi esa amaliy mashgʻulotlardan iborat. Qatnashuvchilar texnik mashgʻulotlarda ishtirok etib, Arduino toʻplamidan foydalanadigan qurilmalarni yaratadi.
Dastur 12-14 yoshdagi (kichik guruh) hamda15-17 yoshdagi (katta guruh) qizlarga moʻljallangan. Ushbu loyihaga qiziqishni bildiruvchilar joriy yilning 23-fevraligacha http://www.digigirlz.uz saytida roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Joylar soni cheklangan (60 kishi - kichik guruh va 40 kishi katta guruh uchun).
DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan dasturining tashkilotchilari Microsoft kompaniyasi hamda Toshkentdagi Inha Universitetidir. Eslatib oʻtamiz, tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi koʻmagida oʻtkazilmoqda.