O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Blokcheyn - korrupsiyaga qarshi innovatsion tizim
2019-02-18 | Texnologiyalar
15-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda BMT taraqqiyot dasturining Innovatsiya va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish va attestatlarni tekshirish boʻyicha xizmatlar transformatsiyasi misolida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasiga blokcheyn texnologiyasini joriy etish imkoniyatlari borasida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
BMT Taraqqiyot dasturining “Davlat boshqaruvini samarali rivojlantirish va raqamli transformatsiyaga koʻmaklashish” loyihasining milliy konsultanti Bunyod Hoshimxoʻjayev davlat sektorida korrupsiyani bartaraf etishda blokcheynlarning ahamiyati haqida gapirarkan, 2018-yilning may oyidan beri bu sohada qator ishlar qilingani haqida soʻzladi.
Loyiha jamoasi blokcheyn texnologiyasini tajriba tariqasida maktab attestatlarini qalbakilashtirish bilan bogʻliq firibgarliklarga barham berish hamda davlat kadastr idoralarida tovlamachilikka yoʻl qoʻymaslik, koʻchmas mulk bilan ishlaydigan xizmatchilar va mulk egalarining hisob yozuvlariga noqonuniy oʻzgartirishlar kiritishlariga imkon qoldirmaslik maqsadida blokcheyn texnologiyasini amaliyotga joriy etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi kadastr hisobi va koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish tizimida taqsimlangan maʼlumotlar reyestrida texnologiyalarning afzalliklari va imkoniyatlarini oʻrgandi. Bugungi kunda ushbu texnologiya joriy etilib, amalda qoʻllanilmoqda. Blokcheyn texnologiyalarini joriy etish kadastr hisobi va koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi faoliyatning oshkoraligini taʼminlamoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar tufayli bugungi kunda yurtimizda koorupsiyaga qarshi qator choralar koʻrilmoqda. 2018-yili 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslar korrupsiyada ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Davra suhbatida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan shugʻullanishlariga imkoniyat tugʻdirmaydigan tizim yaratilishi lozimligi alohida qayd etilarkan, davlat xizmatlarini takomillashtirish, davlat muassasalarining shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash maqsadida davlat tranzaksiyalariga blokcheyn tizimini integratsiya qilishni davom ettirish lozimligiga eʼtibor qaratildi.