O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiya toʻgʻrisida
2019-02-18 | Siyosat
Tashkiliy qoʻmita maʼlumotlariga binoan, 2019-yil 15-fevral holatiga koʻra 130 ga yaqin xorijiy ekspertlar 19-20-fevral kunlari boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Ular 36 ta mamlakat, 9 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, 71 ta tahliliy tuzilmalar, 18 ta davlat tashkilotlari va parlamentlar vakillari hisoblanadi.
Konferensiyaning hamtashkilotchisi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German tadbirda nutq soʻzlashi kutilmoqda.
Forumda, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Piter Burian, Jahon savdo tashkiloti bosh direktorining oʻrinbosari Alan Vulf, AQSh tashqi siyosat kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr, Xitoy hozirgi xalqaro aloqalar akademiyasi prezidenti Szi Chjiye, Afgʻoniston savdo va sanoat vaziri oʻrinbosari Kamil Siddiqiy va mintaqa muammosiga ixtisoslashgan boshqa nufuzli ekspertlar va tahlilchilar ishtirok etadilar.
Konferensiya plenar va seksion majlislar shaklida oʻtishi rejalashtirilmoqda.
Seksion majlislarda ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, suv va ekologiya, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashiladi.