Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Moskva shahrida joylashgan Niderlandiya elchixonasining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha maslahatchisi Brauver Meuves bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida shu yil mart oyining birinchi yarmida Niderlandiyadan qishloq xoʻjaligi missiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida BB, B2G va G2G formatlarida uchrashuvlar oʻtkazilishi kutilmoqda.
Tomonlar niderlandiyalik kompaniyalar tomonidan fermerlar uchun demo-prezentatsiyalar tashkil etish va Oʻzbekistonning ixtisoslashgan universitetlarida maʼruzalar oʻtkazish imkoniyatlarini muhokama qildi. Ixtisoslashgan bilim va innovatsiya markazlarini yaratish uchun niderlandiyalik mutaxassislarni jalb etishga qiziqish bildirildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida agroforumlarni, ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalar oʻtkazish va ilgʻor texnologiyalarni namoyish etish uchun platforma vazifasini bajaradigan “Horti” markazining faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA