Bugun gimnastika boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining oʻsmirlar va kadetlar oʻrtasida I ochiq chempionati boshlandi.
Musobaqa Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi hamkorligida oʻtkazilmoqda.
Bugun boʻlib oʻtgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va boshqalar mamlakatimizda isteʼdodli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilayotgan eʼtibor sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida yaqqol namoyon boʻlayotganini taʼkidlab, Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining oʻsmirlar va kadetlar oʻrtasidagi I ochiq chempionati yuqori saviyada oʻtishiga va mazkur musobaqalarda sportchilarimiz munosib ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
Oʻzbekistonda ilk marotaba oʻtkazilayotgan mazkur musobaqada vakillarimiz bilan birga Afgʻoniston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan kelgan 150 nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun kuch sinashmoqda.
17 fevralga qadar davom etadigan yakkalik musobaqalarida qilichbozlar shamshir, qilich va rapira yoʻnalishlarida gʻoliblik uchun kuch sinashadi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA