Oʻzbekiston Respublikasining delegatsiyasi AQSHning Missisipi shtatiga tashrif buyurdi
10-14 fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan AQSHda boʻldi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Saidkamol Xoʻjayev, investitsiya va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Laziz Qudratov, shuningdek, sanoat birlashmalari, universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat delegatsiya Missisipi shtati gubernatori F.Brayant, kongressmen T.Kelli, shtat milliy gvardiyasi qoʻmondoni Dj.Boylz, Qishloq xoʻjaligi va savdo departamentining boshligʻi E.Gibson, shuningdek, parrandachilik, oʻrmon xoʻjaligi va fermerlar uyushmasi rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Missisipi Qishloq xoʻjaligi va savdo departamenti oʻrtasida protokol imzolandi. Ushbu hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi va Missisipi shtati oʻrtasida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha hamkorlik nazarda tutilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan tomonlar oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sertifikatlash sohasida tajriba almashish, shuningdek, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha ish rejasini tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishdi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA