O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afgʻoniston Prezidenti bilan uchrashuv
2019-02-15 | Siyosat
Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 2019-yilning 14-fevral kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Vazir Afgʻoniston Prezidenti va u orqali butun afgʻon xalqiga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy hurmati va tinchlik va farovonlik izhor etilgan eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda Afgʻonistonda tinchlik siyosiy muloqotlarini boshlash doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomoni mazkur muloqot afgʻonlarning oʻzlari tomonidan amalga oshirishi muhimligini taʼkidlaydi.
Prezident Muhammad Ashraf Gʻani Oʻzbekiston Prezidenti va birodar oʻzbek xalqiga mamlakatidagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi borasidagi izchil va qatʼiy saʼy-harakatlar uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Suhbatda Oʻzbekiston – Afgʻoniston kun tartibining boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi. Avvalo, Oʻzbekiston bilan birgalikda transafgʻon tranzit koridorlarini tashkil etish va mintaqadagi oʻzaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan yirik transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish istiqbollari toʻgʻrisida soʻz bordi.