O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Navoiyda tibbiyot sohasidagi kamchiliklar qanday bartaraf etiladigan boʻldi?

2019-02-14 | Sog‘liqni saqlash

2019-yil 13-ferval kuni xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislaridan iborat tarkibda tuzilgan Respublika ishchi guruhining viloyatda oʻtkazgan oʻrganishlari yakunlari muhokama etildi. Viloyatda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularning kadrlar taʼminotini yaxshilash, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, Navoiy viloyati aholisiga 10 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinika, 35 ta qishloq oilaviy poliklinika, 55 ta qishloq vrachlik punkti, 24 ta shifoxona va 6 ta dispanser tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. 2018-yil davomida sogʻliqni saqlash tizimiga 301 milliard 879 million soʻm ajratilgan. Birgina dori-darmon taʼminoti uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 19,4 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida 17 ta obyektda 46,9 milliard soʻmlik hamda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan manzilli roʻyxat asosida 34 ta tibbiyot muassasasida 7,4 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa, 12 ta tibbiyot muassasasida 10,9 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirilgan. Viloyatda 2018-yilda 32 ta yangi xususiy tibbiyot muassasalari tashkil qilinib, bugungi kunda ularning soni 150 taga yetgan. Olis choʻl hududida joylashgan Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota va Xatirchi tumani tibbiyot birlashmalari 15 ta UAZ rusumli avtomashina bilan taʼminlangan.

Tizimdagi shu kabi ishlar natijasida aholining sogʻliqni saqlash sohasiga boʻlgan ishonchi ortganini fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar soni kamayganidan ham koʻrish mumkin. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatidagi Xalq qabulxonasiga 2017-yilda tibbiyot sohasiga oid 834 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich 273 taga kamayib, 561 tani tashkil etgani ham tasdiqlaydi.

Viloyatdagi tibbiyot muassasalarining kadrlar taʼminoti va salohiyati masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilishi natijasida kadrlar taʼminoti 97 foizga yetgan.

Tizimdagi islohotlar Navoiy viloyatida ham aholining malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqini taʼminlash, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish hamda ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish ishlari samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Sessiya muhokamalari jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada qilinishi lozim boʻlgan qator vazifalar hamda oʻz yechimini kutayotgan ayrim muammolar va kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Masalan, viloyatda aholini patronaj xizmatlari bilan toʻliq qamrab olish boʻyicha ishlar talab darajasida tashkil etilmayotgani, aksariyat hollarda patronaj xizmati faqatgina tegishli xonadon vakillari bilan suhbatlashishdan iborat boʻlib qolayotgani, natijada ayrim tumanlarda kasallikka chalinish holatlari koʻpaygani taʼkidlandi. Xususan, umumiy kasallanish koʻrsatkichlari orasida nafas olish aʼzolari kasalliklari (183 mingta yoki 29,2 foiz), oshqozon-ichak xastaliklari (122,4 ming yoki 15,1 foiz) hamda qon va qon yaratuvchi aʼzolar kasalliklari (115,6 ming yoki 13,6 foiz) koʻrsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda.

Shu bilan birgalikda, sessiyada viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami hamda statsionar davolash muassasalarining oʻzaro integratsiyasi lozim darajada taʼminlanmayotgani, ayrim hududlarda tez yordam xizmatiga boʻlgan chaqiruvlar haqidagi maʼlumotlar tegishli oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktlariga oʻz vaqtida yetkazilmayotgani ham alohida taʼkidlab oʻtildi.

Maʼlumki, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining oʻzlari xizmat koʻrsatayotgan aholi vakillari oldida hisobot berishi hamda mahalliy Kengashlar sessiyalarida tegishli tibbiyot birlashmalari rahbarlarining hisobotini eshitish amaliyoti joriy etilgan edi. Biroq 2018-yil davomida viloyatdagi aksariyat oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlari aholi oldida bir yoki ikki marotaba hisobot bergan boʻlsa, ayrimlari esa, bu masalaga deyarli eʼtibor qaratmagan. Shuni eʼtiborga olgan holda, parlament quyi palatasi deputatlari koʻmagida barcha shahar va tumanlarda bittadan oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punkti rahbarlarining oʻzi xizmat koʻrsatuvchi mahalla aholisi vakillari oldida hisobot berishi namunali tarzda tashkil etildi.

Ishchi guruhi aʼzolari tomonidan shahar va tumanlarda qariyb uch kun davomida barcha tibbiyot muassasalarining faoliyati bevosita tahlil etildi, shifokor va bemorlar bilan suhbatlashildi. Mahallalardagi 300 dan ortiq xonadonlarda boʻlib, yotib qolgan bemorlar bilan bevosita muloqot qilindi. Ularga tibbiy maslahatlar berildi va amaliy koʻmak koʻrsatildi. Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining mutaxassislari ishtirokida tibbiy koʻriklar tashkil etilib, oʻndan ziyod bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Sessiyada Respublika ishchi guruhining oʻrganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlgan omillarni aniqlash hamda kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi choralarini koʻrish masalalari muhokama qilindi.

Viloyatda aholining sogʻliqni saqlash, tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilishi belgilab olindi. Jumladan, viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasi rahbari oʻzi shaxsan kuniga kamida oʻn nafar bemorni koʻrikdan oʻtkazadigan, tuman hokimlari esa tibbiyot muassasalari holatini yaxshilash maqsadida moliya boʻlimi mudirlari bilan birgalikda haftada bir marta tibbiyot muassasalarini oʻzi aylanib chiqadigan boʻldi. Tibbiyot muassasalari xodim va rahbarlarini sohaga taalluqli boʻlmagan turli tadbirlarga jalb qilmaslik lozimligi taʼkidlandi.

Xatirchi tumanida eksperiment tariqasida bir oy davomida pensiyaga chiqqan nafaqadagi tajribali shifokorlarni zarur tibbiy asbob-anjomlar bilan taʼminlagan holda, oʻz uyida hudud aholisiga xizmat koʻrsatishga sharoit yaratib berish, ushbu tajriba amalda samarali natija bersa, uni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham joriy qilishga kelishib olindi.

Tibbiyot birlashmalari mudirlari oʻz hududida kasalliklar umumiy koʻrsatkichlarini tahlil qilib borib, mahalliy hokimliklar bilan ularni bartaraf etish choralarini koʻrishi lozimligi taʼkidlandi.

Sessiya yakunida xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Поделиться